Jahon | 11:59 / 12.09.2024
6038
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi «Qorasuv» posti 14 yildan so‘ng qayta ochildi

Andijon viloyatidagi Qirg‘iziston bilan chegaradosh «Qorasuv» chegara bojxona posti 14 yillik tanaffusdan so‘ng qayta ochildi. 

Foto: Bojxona qo‘mitasi

12 sentabr kuni Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi «Qorasuv» chegara bojxona posti tantanali ravishda ochildi.

Bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv shahrida joylashgan «Qorasuv» va O‘sh viloyati «Korasuu» o‘tkazish punkti 14 yil avval yopilgan. Ularning faoliyatini qayta tiklash ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvga asosan amalga oshirilgan.

«Qorasuv» chegara bojxona posti 3 gektardan ziyod maydonga ega bo‘lib, undan kuniga 12 ming nafardan ziyod fuqarolar o‘tib-qaytishlari mumkin. Post orqali yo‘lovchilar asosan yopiq inshootlar bo‘ylab harakatlanishadi.

Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh viloyatidan Jalolobod viloyatiga o‘tish uchun shu vaqtga qadar 120 km masofa bosib o‘tilgan bo‘lsa, endi ushbu masofa 101 kilometrga qisqarib, O‘zbekiston hududi bo‘ylab tranzit tarzida atigi 19 km harakatlanish kifoya.

Shu kuni Namangan viloyatida «Uchqo‘rg‘on» nazorat-o‘tkazish punkti ham ochiladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari 2023 yilning 1 sentabrdan boshlab ikki mamlakat chegarasini ID karta orqali kesib o‘tishlari mumkin.

Mavzuga oid