Jahon | 23:03 / 12.09.2024
2318
2 daqiqa o‘qiladi

Vetnamda «Yagi» tayfuni oqibatida halok bo‘lganlar soni 200 kishiga yaqinlashdi

Qurbonlar soni Laokay provinsiyasida joylashgan Lang Nu qishlog‘ini suv toshqini yuvib ketganidan keyin birdaniga oshib ketdi.

Foto: AFP/Getty Images

Vetnamda salkam 200 kishi «Yagi» supertayfuni oqibatida halok bo‘ldi, shuningdek, 125 nafardan ortiq fuqaro kutilmagan suv toshqinlari va ko‘chkilar natijasida bedarak yo‘qoldi, deb xabar beradi CNN.

Vetnamning VNExpress gazetasining yozishicha, tabiiy ofatlar oqibatida 197 kishi halok bo‘lgan, 128 kishi bedarak yo‘qolgan, 800 dan ortiq odam jarohat olgan.

Qurbonlar soni 10 sentabr kuni, Laokay provinsiyasida joylashgan Lang Nu qishlog‘ini suv toshqini yuvib ketganidan keyin birdaniga oshib ketdi. Yuzlab qutqaruvchilar omon qolganlarni qidirish bilan shug‘ullanyapti, ammo 12 sentabr holatiga ko‘ra, qishloqning 53 nafar aholisi bedarak yo‘qolganlar safida qolmoqda.

«Yagi» Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlariga so‘nggi o‘n yillikda yopirilgan eng kuchli tayfun bo‘ldi. U 7 sentabr kuni quruqlikka ham yoyilgan bo‘lib, shamol tezligi soatiga 149 kilometrgacha yetgan. 8 sentabr, yakshanba kuni shamol tezligi biroz pasayganiga qaramay, suv toshqinlari davom etgan, daryolardagi suv sathi yuqoriligicha qolgan.

Kuchli yog‘ingarchilik Vetnam shimolidagi sanoat eksorti bilan shug‘ullanuvchi zavodlarga ziddiy zarar yetkazgan.

Avvalroq Vetnam bosh vaziri Fam Min Chin vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlarini jabrlangan hududlardagi turmush tarzini tezda tiklash uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solishga chaqirgandi. Uning ta’kidlashicha, suv toshqini tufayli tashqi dunyodan ajrab qolgan aholi punktlariga har qanday holatda ham oziq-ovqat, chuchuk suv va dori-darmon yetkazib berish kerak.

Mavzuga oid