Jahon | 16:12 / 13.09.2024
10432
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Kamala Harris bilan ikkinchi debatdan bosh tortdi

AQShning sobiq prezident Donald Tramp o‘z raqibi, Demokratik partiya nomzodi Kamala Harris bilan yana bir saylovoldi debatida ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Tramp birinchi debatda g‘alaba qozonganini va Harris vitse-prezident sifatidagi ishiga «e’tibor qaratishi kerakligini» aytdi.

Foto: Reuters

AQShning sobiq prezident Donald Tramp o‘z raqibi, Demokratik partiya nomzodi Kamala Harris bilan yana bir saylovoldi debatida ishtirok etmasligini ma’lum qildi.

«Uchinchi debat bo‘lmaydi!» – deya yozgan u o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida kapslok bilan.

Tramp iyun oyida Jo Baydenga qarshi ilk debatni o‘tkazgan, o‘shandagi muvaffaqiyatsizlik AQShning amaldagi prezidenti poygani tark etishiga olib kelgandi.

Trampning saylovlar oldidan Kamala Harrisga qarshi ikkinchi debati – shu haftada Filadelfiyada tashkillashtirildi.

Tramp o‘zini g‘olib deb bilayotgan bo‘lsa-da, ko‘plab siyosiy ekspertlar Harris yaxshiroq qatnashganini aytishmoqda.

«So‘rovlar seshanba kuni kechqurun o‘tkazilgan debatda men demokratlarning radikal so‘l nomzodi, o‘rtoq Kamala Harris ustidan g‘alaba qozonanimni aniq ko‘rsatmoqda va u zudlik bilan ikkinchi debat so‘radi», – deya yozgan Tramp.

«Bokschi jangni yutqazganida, uning og‘zidan chiqadigan birinchi so‘z – „Men revansh xohlayman“ bo‘ladi», – deya qo‘shimcha qilgan Tramp Harrisni yutqazgan bokschiga qiyoslab.

Respublikachilar partiyasi nomzodining so‘zlariga ko‘ra, «Kamala va Jo [Bayden] tomonidan yuzaga keltirilgan barcha muammolar unng iyun oyida Bayden bilan o‘tkazilgan ilk debatida, keyin Harris bilan ikkinchi debat vaqtida batafsil muhokama qilingan», shuning uchun «uchinchi debat bo‘lmaydi». «Kamala so‘nggi deyarli to‘rt yillik davrda (Jo Bayden prezidentligida) nima qilishi kerak bo‘lganiga e’tibor qaratishi kerak. Millionlab jinoyatchilar va ruhiy kasallar Qo‘shma Shtatlarga butunlay nazoratsiz kirib keldi va inflatsiya bizning o‘rta sinfimizni vayron qildi», – deb ta’kidlaydi Tramp.

Harris Shimoliy Karolinadagi mitingda. Foto: Reuters

Payshanba kuni ikki nomzod ham debatdagi o‘zaro uchrashuvdan keyin ilk bor muhim shtatlarda saylovoldi mitinglari o‘tkazishdi.

Kamala Harris Shimoliy Karolinada ikki miting o‘tkazdi, Tramp Arizonadagi saylovchilar qarshisida chiqish qildi.

Sharlottadagi mitinglardan birida Harris «saylovchilar uchun Tramp bilan yana bir debat qarz» ekanini aytgan.

Harrisning saylov shtabi Filadelfiyadagi uchrashuvdan keyin darhol yana bir debat o‘tkazishga chaqirib, saylovchilar «saylov qutisi oldida qanday tanlov qilayotgani: Kamala Harris bilan oldinga yoki Tramp bilan ortga yurishi»ni bilishi kerakligini ta’kidladi.

Tramp kampaniyasining turli vakillari esa debatdan keyingi chiqishlarida u yana bir debat o‘tkazishdan mamnun bo‘lishini aytishgandi.

Arizonadagi mitingda sobiq prezident yana bir bor revansh o‘yin haqida eslab, Harris «jangni yutqazgani» uchun ikkinchi debat xohlayotganini takrorladi.

«Biz debatlarning ikki raundini o‘tkazdik va ular muvaffaqiyatli bo‘ldi, uchinchi debat bo‘lmaydi», – degan u.

Tramp va Harrisning dastlabki debati 10 sentabr kuni ABC telekanalida jonli efirda bo‘lib o‘tdi. Ularni 67 milliondan ortiq kishi tomosha qilgan. Munozaradan keyingi so‘rovlar Harrisning kam farq bilan g‘alaba qozonganini ko‘rsatmoqda. Ko‘pgina mutaxassislar bir xil fikrda. Biroq, bu noyabrdagi saylov natijalariga qanday ta’sir qilishi hozircha aniq emas, deydi tahlilchilar.

Vitse-prezidentlikka nomzodlar demokrat Timoti Uolz va respublikachi Jyeyms Devid Vens 1 oktyabr kuni debat o‘tkazishga kelishib olgan.

Mavzuga oid