Jahon | 10:50 / 14.09.2024
4943
3 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Rossiya o‘z dronlari uchun Xitoy dvigatellaridan foydalanyapti

Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi urushda foydalanayotgan «Garpiya-A1» uchuvchisiz uchog‘i Xitoydan keltirilgan dvigatellar va ehtiyot qismlar yordamida ishlab chiqarilgan, deya ta’kidlaydi Reuters.

Foto: AP

Rossiya «Garpiya-A1» kamikadze dronlarini ishlab chiqarishda Xitoy dvigatellari va ehtiyot qismlaridan foydalanadi. Bu haqda Reuters agentligi 13 sentabr, juma kuni Yevropa razvedkasidagi ikki manba va o‘z ixtiyoridagi hujjatlarga tayanib yozdi

Surishtiruvda ta’kidlanishicha, «Almaz-Antey» Rossiya davlat qurol ishlab chiqaruvchisining shu’ba korxonasi 2023 yil iyulidan boshlab bir yil ichida 2500 dan ortiq shunday dronlarni chiqargan. Reuters manbalariga ko‘ra, «Garpiya» rus armiyasi tomonidan Ukrainadagi harbiy va fuqarolik obektlariga zarba berish uchun ishlatilgan, «muhim infratuzilmaga zarar yetkazgan, shuningdek, tinch aholi va harbiylar orasida qurbonlarga sabab bo‘lgan». 

Yangi UUA tufayli Rossiya armiyasi Eron dronlariga kamroq tayanishi mumkin bo‘ladi

«Garpiya» droni mavjudligi tasdiqlansa, bu Rossiya armiyasining Eron texnologiyasidan voz kechishini anglatadi, deya Reuters agentligi Yangi Amerika xavfsizligi markazining katta ilmiy xodimi Semyuel Bendettdan iqtibos keltirgan. «Agar bu rost bo‘lsa, Rossiya endi ichki ishlanmalarga, shuningdek, Xitoyga ko‘proq tayanishi mumkinligini anglatishi mumkin, chunki bu urushda ikkala tomon ham dronlarni ishlab chiqarishda ko‘plab Xitoy komponentlariga bog‘liq», dedi u. 

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Reuters jurnalistlarining so‘roviga javoban, Pekin potensial harbiy maqsadlarda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan tovarlar, jumladan, dronlar eksportini qattiq nazorat qilishini aytdi. «Ukraina inqiroziga kelsak, Xitoy har doim tinchlik muzokaralari va siyosiy kelishuvga erishish tarafdori bo‘lib kelgan», — deyiladi bayonotda.

Rossiya va Eron vakillari matn mualliflarining izoh berish so‘roviga javob qaytarmadi.

Stoltenberg Xitoyni Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirdi

6 sentabr kuni Norvegiyaga tashrifi chog‘ida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Pekinni Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirdi. «Xitoy Yevropadagi eng yirik qurolli mojaroni avj oldirishda davom etishi kerak emas», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiriladi NATO rasmiy saytida.

Mavzuga oid