Jahon | 18:27 / 14.09.2024
2951
4 daqiqa o‘qiladi

“So‘nggi chora”: Shengen hududidagi qator davlatlar o‘z chegarasida nazorat o‘rnatdi

Yevropa Ittifoqi migrantlar sonining ortishi va rossiyalik josuslar faoliyatining kuchayishiga duch kelmoqda. Bu vaziyat hamjamiyatga a’zo ayrim davlatlarni, odatda erkin harakatlaniladigan Shengen zonasida vaqtinchalik chegara nazoratini joriy etishga majbur qilmoqda.

Foto: Getty images

Shengen qoidalari ichki xavfsizlik yoki jamoat tartibiga jiddiy tahdidlarning oldini olish uchun bunday usulni “so‘nggi chora” sifatida qo‘llashga ruxsat beradi.

Quyidagi davlatlar chegaralarida tekshiruv qayta tiklandi yoki kuchaytirildi:

Avstriya Slovakiya va Chexiya bilan chegarada 15 oktyabrgacha, Sloveniya va Vengriya bilan chegarada esa 11 noyabrgacha amal qiladigan tekshiruvlarni joriy etmoqda. Bunga sabab sifatida qochoqlarni qabul qilish tizimiga bosim, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq terroristik guruhlar va jinoiy tarmoqlar tufayli kuchaygan xavfsizlik muammolari ko‘rsatildi.

Daniya 11 noyabrgacha Germaniyadan quruqlik va dengiz orqali o‘tadigan tranzitni tekshiradi. G‘azodagi urush va 2023 yilda Qur’onni toptash bilan bog‘liq terrorchilik tahdidlari, shuningdek, Rossiyadan josuslik xavfi ushbu choraga asos bo‘ldi.

Fransiya Shengen mamlakatlari bilan chegarada 31 oktyabrgacha davom etadigan takroriy nazoratni joriy etdi. Bunga sabab — migrantlarni qabul qilish tizimiga bo‘lgan bosim va terrorizm tahdidlari.

Germaniya 16 sentabrdan o‘zining barcha quruqlik chegaralarida kuchaytirilgan nazorat o‘rnatishni rejalashtirmoqda, avvaliga bu olti oy davom etadi. O‘tgan yili mamlakat Polsha, Chexiya va Shveytsariya bilan quruqlikdagi chegaralarida nazoratni kuchaytirgandi. Ushbu choralar ortidan mamlakat 2023 yil oktyabridan boshlab 30 ming muhojirni ortga qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

Italiyada chegara nazorati 18 dekabrgacha davom etadi. Bunga terrorchilik faoliyati tahdidlari, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Italiyaning G7 ga raislik qilishi sabab bo‘lmoqda. Bundan oldin, Bolqon orqali kelayotgan migrantlar orasida terrorchilar bo‘lishi haqidagi xavotirlar tufayli iyun oyigacha Sloveniya bilan chegara nazorati joriy etilgandi.

Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmasa-da, Shengen kelishuviga kiruvchi Norvegiya Rossiya razvedkasining mamlakatdan gaz eksporti yoki Ukrainaga ko‘rsatilayotgan harbiy yordamga tahdid soluvchi operatsiyalarini ro‘kach qilib, Shengen hududi bilan port chegaralarda 11 noyabrga qadar nazoratni tikladi.

Sloveniya 21 dekabrga qadar Xorvatiya va Vengriya bilan chegaralarida nazorat o‘rnatdi. Bunga sabab sifatida Yaqin Sharq va Ukrainadagi xavfsizlik holati yomonlashgani, shuningdek, G‘arbiy Bolqon mintaqasida terrorizm va uyushgan jinoyatchilik xavfi yuqori darajada ekani ko‘rsatildi.

Shvetsiya G‘azo mojarosidan keyin zo‘ravonlik xavfi, jumladan, antisemitik hujumlar kuchayganini bahona qilib, 11 noyabrgacha chegara nazoratini kuchaytirdi.

Finlyandiya Moskva orqali uchinchi mamlakatlardan kelayotgan qochqinlar oqimiga javoban Rossiya bilan quruqlik chegarasidagi o‘tish punktlarini noma’lum muddatga yopib qo‘ydi. Bundan tashqari Helsinki Rossiyadan kirish taqiqlangan portlar ro‘yxatiga yana bir nechtasini kiritdi.

Shengen hududi — Yevropadagi zona bo‘lib, unda ishtirokchi mamlakatlarning ichki chegaralaridagi nazorat bekor qilingan, bu odamlarning erkin harakatlanishiga imkon beradi. Shengen kelishuvi 1985 yilda imzolangan va 1995 yilda kuchga kirgan. Hozirgi kunda bu hududga 29 ta davlat kiradi.

Mavzuga oid