O‘zbekiston | 17:30 / 15.09.2024
14534
3 daqiqa o‘qiladi

Olaf Shols Samarqandga keldi

Germaniya kansleri Olaf Shols yakshanba kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Samarqand shahri aeroportida uni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Foto: O‘zA

Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya kansleri Olaf Shols 15 sentabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Samarqand shahri aeroportida uni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va boshqa rasmiylar kutib oldi. Oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Samarqand shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston-Germaniya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Sammitning asosiy tadbirlari Samarqand shahridagi Kongress markazida bo‘lib o‘tadi. Oliy darajadagi muzokaralar va ikki mamlakat yetakchilarining ishbilarmonlar bilan uchrashuvi o‘tkazilishi, shuningdek, shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish ko‘zda tutilgan.

«Gazeta.uz» xabariga ko‘ra, Olaf Shols Berlin Ukrainadagi urushdan keyin yangi bozorlar, energiya va foydali qazilmalarni qidirayotgani tufayli Markaziy Osiyoga ilk bor tashrif buyurmoqda.

Uning ortida allaqachon bir nechta muhim bitimlar mavjud. Qozog‘iston nefti o‘tgan yil iyun oyida «Do‘stlik» quvurlari orqali oqib kela boshladi va Yevrosiyo Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy etganidan keyin Rossiya yetkazib berishni to‘xtatgach, Berlinning Shvedtdagi neftyb qayta ishlash zavodining faoliyatini qo‘llab-quvvatladi.

Germaniyaning Sharqiy Biznes Assotsiatsiyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Eduard Kinsbrunnerga ko‘ra, Rossiyada o‘z biznesini yopgan ko‘plab nemis kompaniyalari, tarixan Markaziy Osiyo uchun muhim markaz bo‘lgan Rossiya o‘rniga, butun mintaqada o‘z savdo ofislarini ochib, faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Kinsbrunnerning qo‘shimcha qilishicha, nemis guruhlari kimyo sanoati, malakali ishchi kuchi, qayta tiklanadigan energiya, logistika, ta’lim va boshqa sohalarda shartnomalar bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu shartnomalarning aksariyati Shols tashrifi davomida imzolanishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Germaniya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat O‘zbekiston bilan migratsiya shartnomasini imzolashni rejalashtirmoqda. O‘tgan yil oktyabrida Germaniya hukumatining maxsus vakili Yoahim Shtamp Germaniyadan noqonuniy migrantlarning o‘z vatanlariga tezroq qaytishini ta’minlaydigan mumkin bo‘lgan migratsiya shartnomalari bo‘yicha bir nechta davlatlar bilan maxfiy muzokaralar olib borayotgani ma’lum bo‘lgandi. Unga Gurjiston, Moldova, Keniya, Kolumbiya va Qirg‘izistondan tashqari O‘zbekiston ham kirgan.

Mavzuga oid