Jahon | 00:31 / 16.09.2024
4126
2 daqiqa o‘qiladi

Shanxay aeroportlarida «Bebinka» tayfuni tufayli barcha reyslar bekor qilinmoqda

Aeroportlar faoliyatining qayta tiklanishi bo‘yicha qaror ob-havo sharoitidan kelib chiqib qabul qilinadi.

Foto: Reuters

Shanxay shahrining ikkita aeroporti — Pudun va Xunsyaoda 15 sentabr kuni kechasi amalga oshiriladigan barcha reyslar «Bebinka» tayfuni yaqinlashayotgani sabab bekor qilindi, deb xabar beradi «Sinxua» agentligi.

«Soat 20:00 dan keyin ikkala aeroportda ham barcha reyslar bekor qilinadi», — deyiladi «Shanxay aeroporti» korporatsiyasi xabarida.

Qayd etilishicha, aeroportlar faoliyatining qayta tiklanishi bo‘yicha qaror ob-havo sharoitidan kelib chiqib qabul qilinadi, yo‘lovchilarga parvozlarga oid axborotlarni kuzatib borish tavsiya qilingan. 

Shuningdek, Shanxay temiryo‘l vokzali ham bir qator yo‘nalishlarda yo‘lovchi poyezdlar qatnovini to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Shahar aeroportlari operatori reyslari qoldirilgan yo‘lovchilar uchun vaqtincha dam olish zonalarini tayyorlagan, ular oziq-ovqat bilan ta’minlanmoqda.

«Bebinka» tayfuni Shanxaydan 350 kilometr janubi-sharqda. Tsiklonning markaziy qismida shamol tezligi soniyasiga 40 metrga yetmoqda. U 16 sentabr tongida Shanxayning sohilga yaqin hududlari va sharqiy Chjetszyan provinsiyasiga yopirilishi kutilmoqda.

Xitoy Markaziy meteorolik boshqarmasi tayfun tufayli eng yuqori — «qizil» xavf darajasini e’lon qilgan. Mazkur tayfun Shanxayga 1949 yildan beri yopirilgan eng kuchli tabiiy ofat bo‘lishi kutilmoqda.

Mavzuga oid