Jahon | 08:40 / 16.09.2024
7864
4 daqiqa o‘qiladi

Trampning golf-klubi yonida otishma yuz berdi

Donald Trampning saylovoldi shtabi unga yaqin yerda otishma bo‘lganini aytdi. Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod xavfsiz joyda, boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

Foto: AP

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampga «yaqin masofada» otishma yuz berdi. Bu haqda saylovoldi shtabi 15 sentabr, yakshanba kuni ijtimoiy tarmoqdagi akkauntida yozgan. Amerika Qo‘shma Shtatlarining sobiq prezidenti xavfsiz joyda ekani xabar qilinmoqda. Voqea bo‘yicha boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

Shu bilan birga, Trampning o‘g‘li, kichik Donald Tramp o‘zining X akkauntida voqea sodir bo‘lgan joy yaqinidagi butalar orasidan AK-47 avtomati topilganini da’vo qilmoqda. «Gumonlanuvchi qo‘lga olingani xabar berilmoqda», deb qo‘shimcha qildi kichik Tramp.

New York Post gazetasining xavfsizlik manbalariga tayanib yozishicha, o‘q faqat AQSh maxfiy xizmati agenti tomonidan otilgan. Gumonlanuvchi qo‘lga olingan, biroq uning bunday qilishiga nima sabab ekani haqida hech narsa ma’lum emas. Reuters agentligi ikki manbaga tayanib xabar berishicha, Palm-Bichdagi (Florida shtati) Trampga tegishli golf maydonchasi yaqinida bir necha marta o‘q uzilgan.

Bundan oldin New York Post ikki kishi sobiq prezidentga qaratilmagan otishma boshlagani haqida xabar bergan edi.

AQSh Maxfiy xizmati matbuot kotibi Entoni Gugliyelmi o‘zining X akkauntida idora voqeani Palm-Bich okrugi sherifi bilan hamkorlikda tergov qilayotganini yozdi. Shuningdek, u Maxfiy xizmat va mahalliy sherif idorasi tez orada qo‘shma matbuot brifingini o‘tkazishiga va’da berdi.

Oq uyning bildirishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden va vitse-prezident Kamala Harris voqeadan xabardor bo‘lgan va «u (Tramp) xavfsiz joyda ekanini bilib, xotirjam tin olgan». «Amerikada zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q», - deydi Demokratik partiyadan davlat rahbari lavozimiga nomzod Harris.

Iyul oyida Trampga suiqasd uyushtirilgan edi

Donald Tramp 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatining Batler shahrida saylovoldi mitingida nutq so‘zlayotganida hujumga uchradi. To‘rtta o‘q uzildi, shundan so‘ng sobiq prezident qulog‘ini ushlab olganicha, beshinchi va oltinchi o‘qdan oldin minbar orqasiga yashirinishga muvaffaq bo‘ldi. Shu payt qo‘riqchilar uni o‘rab olishdi va yana bir necha o‘q uzildi. Keyin qulog‘idan qon oqayotgan Trampni sahnadan olib ketishdi.

Sobiq prezident kasalxonaga yotqizilgan va u yerda davolangan. Keyinroq Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida tezkor reaksiya uchun maxsus xizmat idoralariga minnatdorchilik bildirdi. «Eng muhimi, mitingda halok bo‘lgan odamning oilasiga hamda og‘ir jarohat olgan yana bir erkakning oilasiga hamdardlik bildiraman», — deb yozadi u.

Trampga hujumni 20 yoshli Tomas Metyu Kruks amalga oshirgan, deb ma’lum qildi Federal tergov byurosi (FTB) vakili. Matbuot xizmati boshqa tafsilotlarni keltirmadi. Avvalroq FTB saylovoldi mitingidagi otishmani Trampga «suiqasd uyushtirish» sifatida rasman tan olgan edi.

Mavzuga oid