Jahon | 22:33 / 20.09.2024
8389
2 daqiqa o‘qiladi

AEXA Rossiyani Zaporijjya AES hududini zudlik bilan tark etishga chaqirdi

Shuningdek, stansiya xavfsizligini ta’minlash uchun uni Ukraina hukumati nazoratiga qaytarishni talab qildi.

Foto: Getty Images

Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) Bosh konferensiyasi 68-sessiyasida «Ukrainada yadroviy xavfsizlik, muhofaza va kafolatlar» rezolyutsiyasini 65 ovoz bilan ma’qulladi. Hujjatga agentlikka a’zo 52 davlat hammualliflik qilgan, uning matni Ukraina Energetika vazirligi veb-saytida e’lon qilindi.

Rezolyutsiyada Ukraina atom elektr stansiyalari, jumladan, Zaporijjya AES (ZAES) Ukrainaning to‘liq suveren nazorati ostida ishlashi kerakligi tasdiqlanadi. AEXA ZAES hududidan rossiyalik harbiylar va boshqa xodimlarni zudlik bilan olib chiqib ketishga va stansiya xavfsizligini ta’minlash uchun uni Ukraina hukumati nazoratiga qaytarishga chaqirdi.

ZAES Ukraina nazoratiga qaytarilgunga qadar, Rossiya stansiyadagi barcha obektlarga AEXA xodimlarining cheklovsiz kirishini ta’minlashi shart.

Hujjatda Agentlikning Ukrainadagi yadroviy xavfsizlik xatarlarini bartaraf etish bo‘yicha keyingi sa’y-harakatlari qo‘llab-quvvatlanishi bildirilgan, ayniqsa agentlik bosh direktorining Ukraina atom elektr stansiyalari faoliyati uchun muhim bo‘lgan yuqori voltli nimstansiyalarga kuzatuv missiyalarini yuborish to‘g‘risidagi qarori kontekstida. Shuningdek, yadroviy inshootlarning xavfsiz ishlashini ta’minlash uchun AEXA tomonidan Ukrainaga texnik yordam ko‘rsatishni davom ettirishni qo‘llab-quvvatlash va tegishli dasturlarni keyingi siyosiy, moliyaviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid