Jahon | 13:30 / 21.09.2024
2768
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya iqtisodiyot vaziri: VW o‘z muammolarini o‘zi hal qilishi kerak

Robert Xabek Emdendagi VW zavodiga tashrif buyurdi va kutilayotgan ishdan bo‘shatishning oldini olishni talab qilgan IG Metall kasaba uyushmasi vakillari bilan suhbatlashdi.

Foto: AP / Kay Nietfeld

Yaqinda Germaniyadagi bir yoki hatto ikkita zavodini yopish rejalarini e’lon qilgan, iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan nemis avtomobil ishlab chiqaruvchisi Volkswagen (VW) Germaniya federal hukumatining moliyaviy yordamiga emas, balki siyosiy yordamga umid qilishi mumkin. Bu haqda mamlakat iqtisodiyot vaziri, Germaniya vitse-kansleri Robert Xabekning 20 sentabr, juma kuni ertalab Emdendagi VW zavodiga tashrifi chog‘idagi bayonotida aytiladi.

«VW o‘zining aksariyat muammolarini o‘zi hal qilishi kerak», — deya Xabek so‘zlarini keltiradi AFP. Ammo siyosatchilar «bozorga to‘g‘ri signallarni yuboryaptimi yoki yo‘qmi va ularni aniqroq qilib bera oladimi», shuni tekshirishlari kerak, deya qo‘shimcha qildi vazir.

VW oldida turgan muammolardan biri elektr transport vositalariga talabning zaifligidir. Iqtisodiyot vazirligi rahbari ushbu mavzu bo‘yicha so‘z yuritar ekan, bu boradagi talabni rag‘batlantirish bo‘yicha allaqachon kelishilgan chora-tadbirlar, xususan, elektr motorli xizmat avtomobillariga soliqlarni kamaytirish, shuningdek, tijorat maqsadlarida foydalaniladigan elektromobillar uchun imtiyozli amortizatsiya shartlarini eslatdi. «Endi bu chora-tadbirlarning barchasi amalga oshirilishi kerak», deb ta’kidladi Xabek.

VW xodimlarini keng miqyosda ishdan bo‘shatish tahdidi

VW'dagi keng ko‘lamli ishdan bo‘shatish tahdidi haqidagi matbuot xabarlarini izohlar ekan, Robert Xabek hozirgi raqamlarni tasdiqlay olmasligini aytdi. U konsern rahbariyatini zavodlarni yopmaslikka chaqirdi, ammo «ish o‘rinlari sonini rejalashtirish bo‘yicha siyosatga aralasha olmasligini» ta’kidladi.

Emdenda Xabek shuningdek, VW zavodida ish joylarini saqlashga chaqiruvchi namoyish uyushtirgan IG Metall metallurgiya ishchilari kasaba uyushmasi vakillari bilan ham suhbatlashdi. «Men nimadir qilishga majburman, deb hisoblayman», dedi vazir.

Avvalroq Dutch bank ING banki bosh iqtisodchisi Karsten Brjyeski DW nashriga bergan intervyusida VW kompaniyasi o‘z mahsulotlariga talab pastligi sababli bir yoki ikkita zavodni yopish rejalarini, shuningdek, Amerika mikroelektronika giganti Intel'ning Magdeburgda ikkita zavod majmuasini qurishni kechiktirish qarorini amaldagi hukmron koalitsiya ishi fonida mamlakat iqtisodiyotining haqiqiy turg‘unligi natijasi deya baholagan edi.

«Biz hozir ko‘rayotgan narsa - iqtisodiyotning to‘rt yillik virtual turg‘unligi va o‘n yil ichida xalqaro raqobatbardoshlikning pasayishi mamlakatga qanday ta’sir ko‘rsatganligi natijasi», dedi Brjyeski.

Mavzuga oid