Zelenskiy Rossiya bilan muzokara uchun «uchta band» tayyorlayotganini ma’lum qildi
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ish doirasida onlayn formatda uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z mamlakati g‘alaba rejasi ustida faol ishlayotganini va Rossiya bilan muzokara uchun «uchta band» tayyorlayotganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ish doirasida onlayn formatda uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan, biroq kimlar bilan ekani haqida aniq ma’lumot berilmadi.
«Shuningdek, oflayn va onlayn uchrashuvlar bo‘ldi. Aytganimizdek, noyabr oyining boshida reja to‘liq tayyor bo‘ladi. Bu Rossiya bilan har qanday formatda muzokara olib borishga asos bo‘ladi. Har qanday formatda, uning har qanday vakili bilan, chunki reja bo‘ladi va ko‘rsatadigan narsa bo‘ladi», dedi Zelenskiy.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaning barcha ittifoqchilari Kiyevning Rossiyani ikkinchi tinchlik sammitiga taklif qilish niyatiga rozi. «Chunki Rossiya Ukrainaga qarshi kurashmoqda. Tomonlardan birisiz urushning tugashi mumkin emas», deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Uning aytishicha, Ukrainaning g‘alabaga erishish rejasi Kiyev hamkorlari tomonidan dekabr oyi oxirigacha «tezkor va aniq» qadamlar qo‘yilishini, tinchlik sammiti va «urushni tugatishning istalgan bosqichiga» ko‘prik bo‘lishini ko‘zda tutadi.
Zelenskiy Vashingtonga tashrifi chog‘ida Kiyev tomonidan ishlab chiqilgan g‘alaba rejasini AQSh Oq uy ma’muriyatiga taqdim qilmoqchi (u 25 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasida chiqish qilishni rejalashtirmoqda). Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi operatsiyasini ham ushbu rejaning bir qismi deb atadi. Bundan tashqari, g‘alaba rejasi Zelenskiy AQSh prezidenti Jo Baydendan Ukrainani NATOga taklif qilishni so‘rashini nazarda tutadi. Rejada Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun «aniq yo‘l» va Kiyevga doimiy ravishda zamonaviy qurol-yarog‘ yetkazib berish majburiyatlari ham ko‘zda tutilgan.
Zelenskiyning o‘zi jurnalistlar bilan uchrashuvda rejaning bir bandi «Ukrainaning jahon xavfsizligi arxitekturasida aniq o‘rni», ikkinchisi qurol-yarog‘ yetkazib berish, yana biri mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi bilan bog‘liqligini aytdi. Rossiya ham bu rejani ko‘rishi kerak, deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Zelenskiy AQShga tashrifi davomida Vashingtonda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Xarris va Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp bilan ham uchrashishni rejalashtirgan. Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, Tramp bilan uchrashuv katta ehtimol bilan 26-27 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
22:47
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
21:53
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
20:54