Jahon | 20:37 / 24.09.2024
10658
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko: «Urushga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak»

Belarus prezidenti mamlakat bundan keyin ham o‘zining mudofaa qobiliyatini mustahkamlashi va harbiy bosqin yuz berganda dushmanga qarshi shay turishi kerakligini aytdi.

Foto: president.gov.by

Belarus bundan keyin ham o‘zining mudofaa qobiliyatini mustahkamlashi va harbiy bosqin yuz berganda dushmanga qarshi shay turishi kerak. Bu haqda mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko harbiy poligonga tashrifi davomida ma’lum qildi.

«Eski formula: tinchlik xohlasang — urushga tayyorlan. Yana bir bor ta’kidlashni istayman, urushga tayyorlanmayapmiz, urushishni xohlamaymiz… Bularning barchasi aytib bo‘lingan. Bularni eshitsalar ham dushmanlarimiz, raqiblarimiz o‘z ishini davom ettirmoqda. Bizga qarshi tayyorlanayotganlar, ochiq gapiramiz, jang qilamiz. Shuning uchun urushga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Mazkur urush sodir bo‘lishidan Xudo asrasin. Belarus atrofidagi vaziyat qanchalik keskin bo‘lmasin, bizga qarshi urushni boshlash tendensiyasini ko‘rmayapmiz», — deydi Belarus yetakchisi.

Lukashenkoning ta’kidlashicha, qo‘shni davlat frontida sodir bo‘layotgan voqealar, shuningdek, so‘nggi yillarda dunyoda yuz berayotgan harbiy mojarolar inobatga olingan holda Belarus armiyasi to‘rt marotaba isloh qilingan. «Bu, menimcha, Qurolli kuchlarimizni modernizatsiya qilishga bo‘lgan beshinchi urinishimiz», — deydi u.

Qayd etilishicha, Belarus prezidentining harbiy poligonga tashrifi davomida yangi turdagi uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlari namoyish etilgan.

«Uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlari bu — jiddiy yangilik. Ha, agarda urush to‘satdan boshlanib qolsa, ehtimol, uni to‘xtatmaydi. Ammo jangovar harakatlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi», — deya ta’kidlaydi Lukashenko.

Mavzuga oid