O‘zbekiston | 15:21 / 25.09.2024
7089
4 daqiqa o‘qiladi

Muammolar og‘ushidagi “oltin davr”: talabalarning o‘qishga vaqti bormi o‘zi?

O‘zbekiston qonunchiligi talabalarga ishlashni taqiqlamaydi. Bugun ko‘cha-ko‘yda kitob tutganni ham, velosipedda yetkazib berish xizmatlarida ishlayotgan talabalarni ham ko‘rish odatiy holga aylangan. Xo‘sh, aslida talaba o‘qishi kerakmi yoki ishlashi? Kun.uz mavzu bo‘yicha rektorlar, o‘qituvchi hamda talabalar fikrini o‘rgandi.

Talabalarning ham o‘qib, ham ishlashi butun dunyoda bor tendensiya. Lekin har narsada bo‘lgani kabi bunda ham me’yor kerak. Talabalarning ko‘pchiligi ham ishlamasdan faqat o‘qishni xohlashini aytadi. Biroq moddiyat shuni taqozo qilgani uchun ham o‘qib, ham ishlayotgan talabalar hozirda ancha ko‘paygan. Kun.uz gaplashgan talabalarning aksariyati bugun turli sohalarda ishlaydi. Ularning fikricha, o‘qish va ishni bir vaqtda eplash – ko‘proq talabalarning o‘ziga bog‘liq. Biroq ishdan ortib o‘z ustida ishlash, mustaqil rivojlanish, kutubxonaga borish, ilmiy adabiyotlar bilan tanishish uchun vaqt yetmaydi, deydi talabalar.

Bu borada oliygohlar rektorlarining fikrlari har xil, lekin ularning deyarli hech biri ishlashga qarshi emas. Masala – talabaning ishlash-ishlamasligida emas, qayerda ishlashida.

Agrar universiteti rektori Sohib Islamov o‘z talabaligini yodga olarkan, qora ishlarda ham ishlaganini, lekin bu uning o‘qishiga ta’sir qilmaganini aytadi. Bugun rektor sifatida u talabalarning faqat o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashi tarafdori.

Toshkentdagi INHA universiteti rektori Muzaffar Jalolov ham ishlash masalasiga ijobiy qaraydi. Uning o‘zi ham talabaligida ishlagan, biroq 1-bosqichdanoq yoshlarning bilimga emas, pulga, ishga qiziqib ketishi yomon deb hisoblaydi. Bitiruvchi kurs talabalari olgan bilimlarini mustahkamlash uchun ishlashsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ota-onalar talaba farzandini boqish, o‘qitish mas’uliyatini  bo‘yniga olishi lozim, deydi rektor.

O‘zMU o‘qituvchisi Vohidjon Topildiyev fikricha, ishlayman degan talabalar kechki yoki sirtqi ta’lim turida o‘qishi kerak. To‘g‘ri, qonunan ularning ishlashga haqqi bor, lekin kunduzgi ta’limda o‘qiydiganlar ishlamasa, to‘g‘riroq bo‘ladi. Bundan tashqari, talaba o‘z sohasida ishlasagina, bu uning foydasiga bo‘lishi mumkin, deydi professor.

Agrar universiteti o‘qituvchisi Alimardon Mengnorov ham shu fikrda. U talabalar darsdan chiqiboq ishga shoshishini aytadi. Bu o‘rinda asosiy mas’uliyatni ota-onalar bo‘yniga olishi kerak, deydi u.

Bugun barcha xarajatlarini, to‘lov-kontrakt summasini o‘zi qoplaydigan, hattoki bulardan orttirib oilasiga ham pul jo‘natadigan talabalar anchagina. Ba’zi ota-onalar esa bunday farzandidan faxrlanib, oila mas’uliyatini ham farzandiga yuklab qo‘ygan. Rektor va o‘qituvchilar fikricha, bu faxrlanadigan holat emas. Talaba qisqa 4-5 yilini faqatgina o‘qigani sarflasa, kelajakda o‘zi uchun farovon hayotga zamin hozirlagan bo‘ladi, deydi ular.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi
Tasvirchi: Bekzod Panjiyev
Montaj ustasi: Sherzod Egamberdiyev

Mavzuga oid