Zelenskiy BMTda: Rossiya Ukraina AESga zarba berishni rejalashtirmoqda
BMT Bosh assambleyasi oldida nutq so‘zlagan Ukraina prezidenti vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishda Kiyev taklif qilgan «tinchlik formulasi»ga amal qilishga chaqirdi. Muqobil variantlar urushni faqat uzaytiradi, deya qo‘shimcha qildi u.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi oldidan so‘zlagan nutqida, Rossiya Ukraina yadroviy inshootlariga qarshi hujumlar rejalashtirayotganini aytdi. Ukraina razvedkasi Rossiyaning Ukraina atom elektr stansiyalari va infratuzilmalariga ularni energiya tizimidan uzib qo‘yish maqsadida zarba berish rejalari haqida xabar qildi, dedi u 25 sentabr, chorshanba kuni.
«Har qanday raketa yoki dron zarbasi, energiya tizimidagi har qanday jiddiy voqea yadroviy falokatga olib kelishi mumkin», — deya ogohlantirdi Ukraina prezidenti. «Bunday kun hech qachon kelmasligi kerak. Moskva buni tushunishi kerak va bu qisman sizning tajovuzkorga bosim o‘tkazish qaroringizga bog‘liq», — dedi u.
U o‘z mamlakati hamkorlariga qo‘shimcha yordam so‘rab murojaat qildi. Rossiya bosqinidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash birinchi navbatdagi ustuvor vazifa bo‘lib qolishi kerak, dedi u. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya barcha issiqlik elektr stansiyalarini va mamlakatdagi gidroelektrostansiyalarning muhim qismini vayron qilgan.
«Ukraina majburiy kelishuvga rozi bo‘lmaydi»
Shu bilan birga, Zelenskiy Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishda Kiyev tomonidan ishlab chiqilgan tinchlik formulasiga amal qilishga chaqirdi. U Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini talab qilgan bir qator mamlakatlar, jumladan, Xitoy va Braziliyaning «haqiqiy manfaatlarini» shubha ostiga oldi.
Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muqobil rejalar Putinga faqat «urushni davom ettirish uchun siyosiy maydon» beradi, deb ta’kidladi Zelenskiy. Ukraina hech qachon majburiy kelishuvga rozi bo‘lmaydi, deya qo‘shimcha qildi u.
Zelenskiy: urush 2025 yilda tugashi mumkin
Avvalroq Zelenskiy Rossiyaning o‘z mamlakatiga qarshi urushi 2025 yildayoq yakunlanishi mumkinligiga ishonch bildirgan edi. «Hozirda qat’iy choralar Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligini to‘xtatishni tezlashtirishi mumkin, bizning g‘alaba rejamiz amalda Rossiyani tinchlikka majburlashga yordam beradi», deb yozdi u Nyu-Yorkdagi Amerika Kongressining ikkala palatasi vakillari bilan uchrashuvdan so‘ng.
Britaniyaning The Times gazetasiga ko‘ra, Zelenskiyning «g‘alaba rejasi» NATO a’zolariga taqdim etilgan hujjatdagi kabi Ukraina uchun G‘arb xavfsizlik kafolatlari talablarini o‘z ichiga oladi va Kiyev uchun yangi harbiy va moliyaviy yordam paketlarini talab qiladi.
Ayni paytda Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp Zelenskiy bilan shu hafta uchrashishni rejalashtirmayapti, deb yozadi AP Trampning saylovoldi kampaniyasidagi manbasiga tayanib. Agentlik suhbatdoshining ta’kidlashicha, bunday uchrashuv rejalashtirilmagan, garchi bu haqda avvalroq Kiyev vakillari aytgan bo‘lsa ham.
Mavzuga oid
22:34
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:16
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
20:13
Rossiyada jazo o‘tayotgan O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan farzandlari vatanga qaytarildi
18:22