Jamiyat | 10:38
2935
5 daqiqa o‘qiladi

«Barcha erishganlarimiz kitob ortidan» – kitob o‘qib Spark yutgan yosh oila

2021 yilda o‘tkazilgan «Yosh kitobxon oila» tanlovida O‘zbekiston tumani Nursuh qishlog‘idan bo‘lgan Niyozmatovlar oilasi g‘olib bo‘lgan. Ular prezident sovg‘asi — Spark avtomobili bilan taqdirlangan. Ayni paytda o‘qituvchilik qilayotgan Abdullajon Niyozmatov kitobxonlikni targ‘ib qilish borasida o‘z mulohazalarini bildirdi. «Kitob o‘qib mashinali bo‘ldik, g‘oliblik ortidan qishlog‘imizga toza ichimlik suv keldi», deydi u.

«Kitobxonlik eng avvalo oiladan boshlanadi, oilada kitobxonlikka e’tibor bo‘lsa millat taraqqiy etadi. Kitobga bo‘lgan muhabbat bolalikdan shakllanadi.

Abdullajon Niyozmatov

Moddiy boyliklaring tortib olinishi mumkin, lekin ilmni hech kim olib qo‘yolmaydi, derdi ota-onam. Shu qoidaga amal qilib, muvaffaqiyatlarga erishyapmiz. Bakalavr va magistraturani grant asosida o‘qib, hozir PhD yoqlash harakatidaman, barchasi albatta kitob ortidan. Gadjetlardan voz kechishni o‘rganish kerak ma’lum darajada. Kitobga oshno bo‘lgan yoshlar millat ertasi bo‘la oladi.

Ota-ona telefon o‘ynasa, bola ham shunday bo‘ladi. Bugungi kunda farzandi bilan alohida shug‘ullanayotgan ota-onalar juda kam. Ko‘pchilik bolasini kechgacha band qilib turuvchi xususiy maktablarga beryapti, chunki o‘zi shug‘ullanishni istamaydi. Aslida, xususiy maktablar davlat maktablardan farq qilmaydi bilim berishi, faqat qo‘shimcha darslarda ushlab turishibdi.

Asosiy kamchiligimiz ota-onalarning o‘zi kitob o‘qimay qo‘ygani. O‘rnak bo‘lmay turib yoshlar haqida gapiramiz. Lekin davlatni qaysi bir yosh o‘g‘il yoki qiz orqaga tortyapti? Qaysi bir yosh poraxo‘rlik qilyapti? Qaysi yosh amaldor davlatga ziyon qilyapti? Aslida barcha ayb kattalarda, yoshlarda emas. Katta avlod o‘rnak bo‘la olsa, bola ham shunga qarab ketadi. Ota-onasi 50 dan ziyod kitob o‘qigan bola kitob o‘qimasligi mumkin emas. Yoshlar doim o‘rnak kutadi. Kitobxonlikni shakllantirishda ham shu muhim.

Ayolim bilan kitobxon oila tanlovida g‘olib bo‘lganimizning asl sababi kitobga vaqt, mablag‘ ajratganimizdan. Maoshimiz kam bo‘lgan paytda ham kitobga pul ajratganmiz, kattagina oilaviy kutubxonamiz bor bugun, ertaga farzandlarimizga ham xizmat qiladi bu.

Kitobxonlik ko‘p narsa berdi. Buning ortidan el nazariga tushdik, o‘qituvchi bo‘lib ham mashinali bo‘lish mumkin ekan. Hokimimiz qishlog‘imizga suv chiqarib berdi, tanlovdan yutganimiz sharofati bilan 200 dan ortiq xonadon toza ichimlik suv bilan ta’minlandi.

Tanlovda g‘olib bo‘lgach, qishloqdoshlarimiz orasida qiziqish ortdi, tanlov haqida haligacha so‘rovchilar ko‘p.

Farzandimizga tarbiyani ona qornidayoq boshlaganmiz. Turli kitoblar o‘qirdik, tanlov uchun emas, shu farzandimiz kelajagi uchun qilganmiz. Hozir 2,5 yosh farzandim harflarni taniydi, onasi o‘rgatadi. Kitoblar o‘qib beraman, inglizcha, ruscha so‘zlarni ham biladi, ranglarni ajrata oladi.

Shogirdim Muhammadfozil Ismoilov ham 2021 yilda o‘tkazilgan «Yosh kitobxon» tanlovida g‘olib bo‘lgan.

Oilaviy yutug‘imizga ko‘pchilik xavas qiladi

«2021 yilda turmush o‘rtog‘im bilan «Yosh kitobxon oila» tanlovida qatnashib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, Spark avtomobili sohibi bo‘lganmiz. Bu bizning ilk oilaviy yutug‘imiz bo‘ldi. «Zukko kitobxon» tanlovida ham Respublikada birinchi o‘rinni oldik. O‘rgangan bilimlarimizdan farzand tarbiyasida, ish faoliyatimizda foydalanmoqdamiz.

Mahallamizdagi yoshlarning havasi ortib, ular ham kitob o‘qishga kirishdi. Ish faoliyatimda ham kitobxonlikni targ‘ib qilib boraman, kitobxonlar klubi tashkil etganman.

Hali 3 yoshga to‘lmagan farzandimiz ham bizning kitob o‘qiyotganimizni kuzatib kitoblarga qiziqib, varaqlab ko‘radi.

Globallashuv jarayonida yoshlar gadjetlardan voz kechib kitobga e’tiborini qaratishi qiyin bo‘lib bormoqda. Lekin yurt kelajagi bo‘lgan yoshlarni kitobxonlikka qaytarish kerak. Birinchi navbatda ota-ona kitob o‘qishi lozim: qush uyasida ko‘rganini qiladi. Butun bir oila kitob o‘qisa, yoshlar ham o‘qiydi», deydi «Yosh kitobxon oila» tanlovi g‘olibasi Umidaxon Niyozmatova.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Mavzuga oid