Jahon | 11:30 / 30.09.2024
3992
4 daqiqa o‘qiladi

Livan armiyasi Nasrulloh vafotidan keyin xalqni birdamlikka chaqirdi

Livan armiyasi qo‘mondonligi «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh o‘ldirilganidan keyin xalqni ichki nizolardan ogohlantirdi. Marunit xristianlar patriarxi Behala Butros Livan xalqini tinchlikka chaqirdi.

Foto: SOPA Images/LightRocket via Getty Images

Isroil Livanning «Hizbulloh» harakati yetakchisi Hasan Nasrullohni yo‘q qilganidan so‘ng, Livan armiyasi mamlakatda yangi mojarolar xavfi haqida ogohlantirdi. «Armiya qo‘mondonligi barcha fuqarolarni milliy birdamlikni saqlashga va mamlakatimiz tarixidagi ushbu xavfli va nozik bosqichda fuqarolar tinchligiga tahdid soluvchi harakatlarga qo‘l urmaslikka chaqiradi», — deyiladi Livan armiyasining 29 sentabr, yakshanba kuni e’lon qilingan bayonotida. 

Bayonotda aytilishicha, «Isroil o‘z zarbalari bilan livanliklar o‘rtasidagi bo‘linishni chuqurlashtirish maqsadida buzg‘unchi rejalarni amalga oshirmoqda».

Hasan Nasrulloh o‘limining noaniq oqibatlari

Hasan Nasrullohning yo‘q qilinishi qanday oqibatlarga olib kelishi hozircha aniq emas. «Hizbulloh» o‘z nazorati ostidagi hududlarda infratuzilma, sog‘liqni saqlash tizimi, maktablar va yoshlar dasturlarini qo‘llab-quvvatlab, mustaqil davlat sifatida faoliyat yuritadi. «Hizbulloh» nufuzli siyosiy partiya ham bo‘lib, uning vakillari Livan hukumatida vazirlik lavozimlarini egallaydi.

So‘rovlarga ko‘ra, «Hizbulloh»ni Livan aholisining taxminan 30 foizi qo‘llab-quvvatlaydi.

Eronlik agent Isroilga Nasrullohni yo‘q qilishga yordam bergan

«Hizbulloh» harakati tuzilmalariga kirib borgan Eronning qo‘sh agenti Isroil armiyasiga guruh rahbari Hasan Nasrullohning qayerda ekanligi haqida ma’lumot berdi, bu esa TsAHALga uni yo‘q qilish imkonini yaratdi. Bu haqda 28 sentabr kuni Fransiyaning Le Parisien gazetasi Livan xavfsizlik xizmatidagi manbaga tayanib xabar berdi.

Nashrning yozishicha, 27 sentabr kuni Hasan Nasrulloh bir kun avval Isroil havo hujumi natijasida halok bo‘lgan «Hizbulloh» uchuvchisiz uchoqlar bo‘linmasi qo‘mondoni Muhammad Husayn Srurning dafn marosimida ishtirok etgan. Dafn marosimi guruhning yerosti qo‘mondonlik markazidan uncha uzoq bo‘lmagan Haret-Xreyk hududida bo‘lib o‘tdi. Ayni vaqtda bunkerlarni yo‘q qiladigan bombalar bilan jihozlangan Isroilning F-35 qiruvchi samolyotlari pistirmada turib, nishonning «Hizbulloh» qarorgohiga qaytishini kutishgan.

Kunning ikkinchi yarmida eronlik agent isroilliklarga Nasrullohning yaqin orada yetib borishi haqida xabar berdi. U dafn marosimidan so‘ng Islom inqilobi muhofizlari korpusining nufuzli bo‘linmasi - "Al-Quds" kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari, eronlik general-mayor Abbos Nilforushanning mashinasida o‘z qarorgohiga yetib keldi. Guruhning favqulodda yig‘ilishida Nasrullohdan tashqari yana 12 nafar qo‘mondon ishtirok etgan. Le Parisien nashri xabariga ko‘ra, Isroil harbiylari portlash buyrug‘ini berishdan oldin hamma bir xonada yig‘ilishini kutgan. Gazeta manbasiga ko‘ra, TsAHAL uchuvchilari «Hizbulloh» qo‘mondonlik markaziga har biri ikki tonna og‘irlikdagi oltita bomba tashlagan. Avvalroq Isroilning Ynet portali guruhning qo‘mondonlik markaziga tashlangan bombalarning umumiy og‘irligi 80 tonnadan oshganini ta’kidlagan edi.

Mavzuga oid