Jahon | 23:21 / 30.09.2024
10767
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya ikkita gigant pandani Xitoyga qaytarib yubordi

Yaponiya charter reys bilan Lili va Sinsin laqabli ikkita pandani Xitoyga uchirib yubordi - ular 2011 yildan beri Tokiodagi Ueno hayvonot bog‘ida yashab kelayotgan edi.

Foto: nordot.app

Yaponiya charter reys bilan Lili va Sinsin laqabli ikkita gigant pandani Xitoyga uchirib yubordi. Ular 2011 yildan beri Tokiodagi Ueno hayvonot bog‘ida parvarish qilib kelinayotgan edi. Hayvonlarni Xitoyga qaytarish borasidagi qaror ularning sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli qabul qilingan.

Kyodo agentligining yozishicha, oxirgi vaqtlarda Lili va Sinsinda qon bosimining oshishi kuzatilgan. Yapon va xitoy shifokorlari pandalarni to‘liq davolash uchun imkoniyat borida ularni Xitoyga qaytarish zarur degan xulosaga kelgan. Pandalar qaytarilishidan oldin ular bilan xayrlashgani minglab insonlar tashrif buyurgan.

Lili va Sinsin 2005 yili Xitoyda tug‘ilgan. Ular seleksion tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida Uenoga yuborilgan. O‘tgan vaqt davomida Sinsin Tokio hayvonot bog‘ida to‘rtta pandani dunyoga keltirgan — ularning birinchisi o‘pka shamollashidan nobud bo‘lgan.

Dunyodagi barcha pandalar Xitoyga tegishli bo‘lib, turli davlatlar ularni ijaraga olishi mumkin. Buning uchun har bir juft uchun 250 mingdan 1 million dollargacha to‘lovni amalga oshirish kerak.

Avvalroq Hongkongda keksa gigant panda ilk bor ona bo‘ldi, u egizaklarni dunyoga keltirgan edi. Bu pandachalarning dunyoga kelishi — noyob hodisa, chunki hech bir gigant panda bunchalik kech ona bo‘lmagan.

Mavzuga oid