Jahon | 08:30 / 02.10.2024
9185
3 daqiqa o‘qiladi

Die Zeit: Shols Putinga qo‘ng‘iroq qilmoqchi

Olaf Shols Braziliyada bo‘lib o‘tadigan G20 sammiti arafasida Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb yozadi Die Zeit. Germaniya kansleri va Rossiya prezidenti ikki yildan beri gaplashmayapti.

Foto: Reuters/Scanpix

Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 1 oktyabr, seshanba kuni Die Zeit gazetasi Germaniya hukumatidagi nomi oshkor etilmagan manbalariga tayanib xabar berdi. Bu suhbat noyabr oyida Braziliyada bo‘lib o‘tadigan G20 sammiti arafasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan, biroq Berlin hozircha Moskvaga rasmiy so‘rov bilan chiqqani yo‘q, deb yozadi nashr.

Agar suhbat bo‘lib o‘tsa, Shols Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar rahbarlaridan birinchi bo‘lib Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani tiklaydi. Germaniya kansleri va Rossiya prezidenti o‘rtasidagi so‘nggi telefon muloqoti 2022 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan. AQSh prezidenti Jo Bayden, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Britaniyaning sobiq bosh vaziri Boris Jonson ham Putin bilan oxirgi marta 2022 yilda to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashgan.

Bayden Germaniyada Ukraina bo‘yicha xalqaro uchrashuv o‘tkazilishini e’lon qildi

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro aloqa guruhining "Ramshtayn" formatida navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qildi. AQSh raisligidagi muzokaralar Germaniyada bo‘lib o‘tadi, u yerda Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi 50 dan ortiq davlatning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish rejalashtirilgan, deb ma’lum qildi 26 sentabr kuni Oq uy.

Vashington aloqa guruhining uchrashuvi qayerda bo‘lishini ma’lum qilmadi, biroq u Amerikaning Ramshtayndagi harbiy bazasida o‘tkazilishi kutilmoqda, deya qayd etadi dpa.

Bayden Germaniyaga oktyabr oyi o‘rtalarida tashrif buyuradi. U Germaniya kansleri Olaf Shols va Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan uchrashishi, so‘ng Ramshtayn harbiy bazasiga borishi kutilmoqda.

Mavzuga oid