Bloomberg: Yevroittifoq o‘z razvedka xizmatini yaratishni muhokama qilmoqda
YeIning o‘z razvedka xizmati yo‘q va Yevropa Ittifoqi amaldorlari hammaga ochiq manbalar hamda blokka a’zo mamlakatlardan olingan ma’lumotlarni tahlil qiladi xolos.
Finlandiyaning mart oyida lavozimdan ketgan prezidenti Sauli Niinistyo Yevrokomissiya topshirig‘iga binoan Yevropa hamjamiyatining inqirozlarga chidamliligini oshirishga qaratilgan hisobotni tayyorladi. Bu haqda hujjat loyihasidan xabardor manbalarga tayanib Bloomberg xabar berdi.
Hisobot muallifining ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi xorij davlatlaridan bo‘ladigan tahdidlarga qarshi turish, shuningdek, blok hududidagi josuslikka «keskin javob qaytarish uchun» to‘laqonli razvedka organini yaratishi kerak. Agentlik manbalari so‘zlariga ko‘ra, YeIning yangi razvedka xizmati boshqa mamlakatlardan keladigan va blokka qarshi yo‘naltirilgan tahdidlarga oid razvedka ma’lumotlarini to‘plashi lozim. Shu bilan birga, xizmat milliy agentliklar vazifasini takrorlamasligi kerak.
Yevroittifoqning o‘z razvedka xizmati yo‘q va YeI amaldorlari hammaga ochiq manbalar hamda blokka a’zo mamlakatlardan olingan ma’lumotlarni tahlil qiladi — bu esa potensial tahdidlarni aniqlash va ularga javob berish qobiliyatini cheklaydi.
Niinistyo Yevropa Ittifoqi Razvedka va situatsion markazi — blokdagi mamlakatlar maxsus xizmatlarini birlashtiradigan organ vakolatlarini kengaytirishni taklif qilmoqda. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, markaz razvedka ma’lumotlarini to‘plash bilan shug‘ullanishi mumkin, jumladan, yevropalik diplomatlar yordamida ham.
Bundan tashqari, Niinistyo YeI davlatlarida josuslik va noqonuniy maxfiy faoliyat bo‘yicha bir xil qonunlarni joriy etishni taklif qilmoqda — bu alohida davlatlar josuslar uchun boshpanaga aylanib qolmasligi uchun xizmat qiladi. Shuningdek, tahdid tug‘diruvchi uchinchi davlat diplomatlarining YeI bo‘ylab harakatini cheklash taklifi ham ilgari surilmoqda.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen 2024 yil martida Sauli Niinistyoga mazkur hisobotni tayyorlashni topshirgan edi. Bloombergʼning qayd etishicha, hisobot RF prezidenti Vladimir Putinning YeI sharqidagi harakatlari, Yaqin Sharqdagi mojarolar, Xitoy ta’sir doirasining oshib borayotgani, migratsiya inqirozi fonida tayyorlangan.
Mavzuga oid
22:44 / 22.12.2024
YeI Ukrainaga qarshi boshlangan urushga uch yil to‘lishi munosabat bilan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamoqda
21:05 / 22.12.2024
Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi
16:46 / 16.12.2024
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 15-paketini qabul qildi
22:41 / 11.12.2024