Jahon | 20:37 / 24.10.2024
1893
3 daqiqa o‘qiladi

Saxarov mukofoti Venesuela demokratik harakati yetakchilariga berildi

G‘oliblar Venesuela hukumati tomonidan uyushtirilgan repressiyalar qurboni hisoblanadi. Mukofotni topshirish marosimi 18 dekabr kuni Strasburgda bo‘lib o‘tadi.

Foto: AP

Yevropa parlamenti prezidenti Roberta Metsola yalpi majlisda Saxarov mukofotining laureatlari nomini e’lon qildi. Yevroparlament prezidentlari konferensiyasi qaroriga ko‘ra, venesuelalik Mariya Korina Machado va Edmundo Gonsales Urrutiya mazkur mukofotga munosib ko‘rildi.

«Andrey Saxarov nomidagi «Fikr erkinligi uchun» mukofoti mamlakatdagi va chet eldagi barcha venesuelaliklar manfaatlarini himoya qiladigan, ozodlik va adolatsizlik qarshisida demokratiyani qayta tiklash uchun kurashayotgan Venesuela demokratik kuchlari yetakchisi Mariya Korina Machado hamda yangi saylangan prezidenti Edmund Gonsales Urrutiyaga berildi», — deydi Metsola.

Metsolaning ta’kidlashicha, Yevroparlament «Venesuela xalqi va uning demokratik kelajak uchun kurashida yonma-yon turadi».

G‘oliblar Venesuela hukumati tomonidan uyushtirilgan repressiyalar qurboni hisoblanadi. O‘tgan yilning iyul oyida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlaridan keyin, muxolifat ma’lumotlariga ko‘ra, Gonsales Urrutiya g‘olib chiqqan, Mariya Machado esa yashiringan, Urrutiya Ispaniyaga qochib, siyosiy boshpana olishga majbur bo‘lgan.

Mukofotni topshirish marosimi 18 dekabr kuni Strasburgda bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Yevropa Ittifoqining inson huquqlari sohasidagi asosiy mukofoti 2022 yilda vafot etgan Mahsa Aminiy va uning o‘limidan keyin boshlangan ommaviy norozilik namoyishlari ishtirokchilariga berilgandi.

Mukofot sovet nazariyotchi fizik olimi, SSSR Fanlar akademiyasi akademigi, jamoat arbobi, dissident va huquq faoli Andrey Dmitriyevich Saxarov (1921—1989) nomi bilan ataladi. U birinchi sovet vodorod bombasining yaratuvchilaridan biri. 1975 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati. Sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kirishini qoralagan bayonotlardan so‘ng u barcha sovet mukofotlaridan mahrum qilindi va 1980 yil yanvar oyida mamlakatdan chiqarib yuborildi. 1986 yilda KPSS Markaziy Komiteti bosh kotibi M.S.Gorbachyov unga surgundan Moskvaga qaytishga ruxsat berdi.

Mavzuga oid