Ukrainani qo‘llash yoki sotqinlik - AQShdagi saylovlardan nima kutish mumkin?
Ukrainaning NATOga a’zoligi, g‘arb qurollarini yetkazib berish davom etishi hamda Kiyevning Moskva bilan bo‘lg‘usi tinchlik muzokaralari shartlari Amerikaning keyingi prezidentiga ham bog‘liq bo‘ladi. Kiyevdagilar Donald Trampning ikkinchi muddatidan ko‘ra, Kamala Harrisning g‘alabasini ancha katta entuziazm bilan qarshi olishi borasida kuzatuvchilarning fikri yakdil. Ammo barchasi shu qadar osonmi? BBC sharhlovchisi Grigor Atanesyan shu mavzuni tahlil qildi.
Harrisga murakkab qarorlar meros bo‘lib qolmoqda
Tashqi siyosat Jo Bayden senator, vitse-prezident va nihoyat AQSh prezidenti lavozimlarida ishlagan yarim asrning katta qismi mobaynidagi ekspertiza sohasi edi. U Golda Meir, Margaret Tetcher, Aleksey Kosigin (1964–1980 yillarda SSSR bosh vaziri), Muammar Qazzofiy, Mixail Saakashvili va Viktor Yushchenko kabi siyosatchilar bilan muzokaralar olib borgan.
Kamala Harris esa karerasini Kaliforniya prokurori sifatida boshlagan va Vashingtonga faqat 2017 yilda, AQSh Senatiga saylanganida kelgan. Bu yerda u asosan ichki siyosat bilan shug‘ullangan.
U Bayden ma’muriyatida vitse-prezidentlik lavozimini egallaganidan keyingina diplomatiya ham vakolatida bo‘lgan, unga AQShga ommaviy migratsiyani to‘xtatish maqsadida Markaziy Amerika rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazish topshirilgandi. Bu missiya muvaffaqiyatli bo‘lmadi: Bayden prezidentligi davrida kamida 8 mln kishi AQShning janubiy chegaralarini noqonuniy kesib o‘tgan — bu Trampning to‘rt yilligidagidan uch barobar ko‘p.
2022 yilda Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganida Harris vazifalariga Kiyevni qo‘llab-quvvatlash ham qo‘shildi. U prezident Volodimir Zelenskiy bilan shu vaqtgacha yetti bor uchrashdi, NATO bo‘yicha ittifoqchilar bilan muzokaralarda qatnashdi hamda xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida AQSh nomidan vakillik qildi.
Harris saylovda g‘alaba qozongan taqdirda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borasida Bayden tanlagan yo‘nalishni davom ettirishi, harbiy yordam yuborishi, Kreml bilan Kiyev ishtirokisiz muzokaralardan bosh tortishi hamda Zelenskiyning uning mamlakati o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga qanday shartlar asosida rozi bo‘lish huquqini hurmat qilishini aytgan.
Uning so‘zlari Ukraina uchun umidbaxsh ko‘rinadi, ammo bir nyuans bor.
5 noyabr kuni amerikaliklar nafaqat prezidentni, balki Kongressning ikki palatasi a’zolarini ham saylaydi.
Hozirda Kongressning quyi palatasida respublikachilar ko‘pchilikni tashkil qiladi, demokratlar esa — Senatda ko‘proq; ammo ijtimoiy so‘rovlar rokirovka bo‘lishini, yuqori palata respublikachilarniki, quyi palata — demokratlarniki bo‘lishini ko‘rsatmoqda.
Respublikachilar Senat ustidan nazorat o‘rnatadigan taqdirda turli ssenariylarni kutish mumkin. Respublikachilarning vitse-prezidentlikka nomzodi Jyey Di Vens, senatorlar Tom Kotton va Josh Houli kabi o‘ng populistlar Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatilishiga qarshi chiqishadi. Ammo ularning partiyasidagi eski gvardiya Putin Rossiyasiga qarshi turishdan AQSh strategik manfaatdor deb bilishadi.
Ular ham, bular ham, o‘z qarashlaridan qat’i nazar, agar Tramp Oq uy tashabbuslarini blokirovka qilishga chaqirsa, unga quloq soladi. 2023-2024 yillarda shunday bo‘lgandi, o‘shanda sobiq prezident tashabbusi bilan Kongressning quyi palatasida ko‘pchilikni tashkil etuvchi respublikachilar sakkiz oy davomida Kiyevga mablag‘ ajratishni blokirovka qilgandi — bu Ukrainaning o‘zi bilan emas, balki migratsiya inqirozi atrofidagi bahs bilan bog‘liq edi.
Ammo Harris prezidentlikka saylanib, Kongressning ikkala palatasi qo‘llovida Bayden tutgan liniyani davom ettiradigan, Ukraina uchun optimistik bo‘lgan ssenariyda ham urushayotgan mamlakat og‘ir holatda qolaveradi.
Amerika va Yevropada «tsinizm va charchoqlik yuzaga kelgan, Ukrainaning eng ashaddiy tarafdorlari ham G‘arbning Kiyevni urushda qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari tugay boshlaganini tan olishmoqda», deb yozadi Washington Post sharhlovchisi Ishaan Tarur.
Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti (RUSI) saytidagi «Ukrainaga yaqinlashayotgan xiyonat» sarlavhali maqolada AQSh yordami doimo juda kech kelishi va borgan sari kamayishi haqida aytiladi. Unda britaniyalik sobiq diplomat Tim Uillasi-Uilsi Bayden bir qo‘li bilan Ukrainaga yordam berishi, boshqasi bilan — mojaro yadroviy tus olishiga yo‘l qo‘ymaslikka urinib, ehtiyotkorlik qilishini eslaydi.
«Natijada Ukraina yutqazmaslik uchun yetarlicha, ammo g‘alaba qozonish uchun yetarli bo‘lmagan yordam olmoqda», — deya yozadi ekspert. Bu, aftidan, Harris davrida ham davom etadi, deya yozadi Vashingtondagi Brookings Institution liberal tadqiqot markazi tahlili mualliflari.
Qo‘shma Shtatlar yanada radikal choralarni ma’qullashni istamasligi tufayli so‘nggi oylarda Ukrainaning eng yaqin do‘stlari ham mamlakat qurolli kuchlarining 1991 yilgi chegaralarga chiqish imkoniyatlariga ishonmay qo‘ygan.
«Urushning eng ehtimoliy yakuni Ukrainaning bir qismi vaqtincha Rossiya okkupatsiyasi ostida qoldirilishi bo‘ladi», — degandi Chexiya prezidenti Petr Pavel sentabrda.
Financial Times gazetasining Harrisga yaqin manbalari u zudlik bilan Ukraina manfaatlari zarariga bo‘ladigan sulhga intilmasligi, shu bilan birga, urushni yakunlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini aytishgan.
Zelenskiyning rejasi Ukraina NATOga taklif etilishi va keyin tashkilotga a’zo bo‘lishini nazarda tutadi, ammo Harris hozircha bu borada aniq gap aytmagan. CBS uchun intervyuda u bu masala bilan «navbati kelganida shug‘ullanishi»ni bildirgan.
Vashingtondagilar Trampning rejalarini taxmin qiladi
Donald Trampning liberal muxoliflari uning tashqi siyosatini Vladimir Putin kabi avtoritar rahbarlar yoki Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va vengrlar bosh vaziri Viktor Orbandan tortib Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘angacha bo‘lgan demokratik rahbarlarning antiliberal rahbarlariga simpatiyaga yo‘g‘rilgan, oldindan aytib bo‘lmaydigan improvizatsiya sifatida ta’riflaydi.
Ammo Tramp tashqi siyosatiga neytral nuqtayi nazardan qaralganda, unda Xitoy bilan qarama-qarshilikdagi kurs va urushlar hamda mojarolarga arshi turish kabi qator aniq prinsiplar ham ko‘zga tashlanadi.
Oq uydagi to‘rt yil va sobiq prezident maqomidagi yana shuncha vaqt davomida u xoh AQSh ishtirokidagi bo‘lsin, xoh boshqa davlatlar ishtirokidagi har qanday harbiy mojarolarga muttasil qarshi chiqqan. Masalan, so‘zsiz Isroil taraf ekaniga qaramay, sobiq prezident G‘azodagi urushni yakunlash zarurligini ta’kidlab keladi.
«U urushlarni unchalik xushlamaydi», — deya qayd etadi New York Times gazetasining Oq uydagi muxbiri Piter Beyker.
Tramp Ukrainadagi urushni ham imkon qadar tez fursatda yakunlash lozim deb hisoblaydi. U prezidentlikka saylanadigan bo‘lsa, 24 soat ichida sulh bo‘yicha kelishuvga erishishi va bu 2025 yil yanvaridagi inauguratsiya marosimidan avvalroq ro‘y berishini aytadi.
Muammo shundaki, Tramp buni qanday amalga oshirishni o‘ylayotganini aytmaydi.
«Menda Ukraina va Rossiyani to‘xtatish bo‘yicha juda aniq reja bor. Va menda Xitoy bilan munosabatlar borasida reja emas, g‘oya bor, — degandi Tramp sentabrda. — Ammo men bu rejalarni oshkor etolmayman, chunki men buni ochiqlasam, ularni amalga oshira olmayman. Ular muvaffaqiyat qozonmaydi. Kutilmaganlik — [muvaffaqiyatning] bir qismidir».
Izolyatsionistlar eski maktabga qarshi
Noaniqlik sharoitida tarafdorlari va muxoliflari Trampning rejalarini o‘zlaricha talqin qilmoqda.
«U aytadi: "Ha men bularning barini birinchi kuniyoq yakunlayman". Ammo bilasizmi, bu aslida nimani anglatadi? Gap kapitulyatsiya haqida bormoqda», — degan Kamala Harris.
Bunday baho qisman Amerika nashrlarining Trampning rejasi amalda Ukrainani o‘z hududlari — birinchi navbatda, Qrim va Donbascni topshirishni nazarda tutishi haqidagi xabarlari bilan izohlanadi. Bunday materiallarda sobiq prezidentning o‘zi yoki uning maslahatchilari bilan shu mavzuda gaplashgan odamlarning so‘zlari keltiriladi.
Ammo Trampning atrofidagi turli shaxslarning pozitsiyalari tubdan farqlanadi va ko‘proq ularning shaxsiy qarashlarini aks ettiradi. Vitse-prezidentlikka nomzod Jyey Di Vens — Ukrainaga yordam ko‘rsatishga qarshilarning eng ashaddiy namoyandalaridan biri. U mojaroni mavjud to‘qnashuv chizig‘i bo‘yicha muzlatish hamda qurol yetkazib berishni to‘xtatish tarafdori. U Zelenskiyning Ukrainani 1991 yilgi chegaralarda tiklash maqsadini fantastika deb atagan. Bu kabi fikrlar Trampning boshqa tarafdorlari tomonidan ham bildirilgan, ularning qarashlari izolyatsionistik deb qabul qilinadi.
Ammo sobiq prezident davrasida internatsional qanot ham mavjud bo‘lib, uning vakillari Putin Rossiyasiga qarshi turishni AQSh tashqi siyosatidagi muhim prinsip deb bilishadi. MRB sobiq direktori va Tramp ma’muriyatida davlat departamenti rahbari bo‘lgan Mayk Pompeo «Trampning Ukraina uchun tinchlik rejasi» deb nomlangan maqolasida respublikachi nomzod saylovlarda g‘alaba qozongudek bo‘lsa, Moskvaga qarshi sanksiyalar kuchaytirilishi hamda Ukraina NATOga qabul qilinishini va’da qiladi.
Tramp g‘olib chiqqan taqdirda bu guruhlardan qaysi biriga quloq tutishi noma’lum.
Ammo Tramp Putin va Zelenskiy bilan parallel muzokaralar olib borishini ta’’kidlamoqda. Bu esa kelgusidagi sulh shartlarini hal qilish Kiyevning suveren huquqi deb hisoblaydigan Jo Bayden ma’muriyati siyosatiga zid keladi.
Agar Tramp saylovlarda g‘alaba qozonib, Zelenskiy va Putinga kelishuv taklif etsa, Zelenskiy esa buni rad etsa, nima bo‘ladi?
Respublikachilar partiyasining populistik qanotidagi figuralar bu holatda Oq uy Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishni bas qilishini aytishadi.
Bunga o‘tmishdan misol tariqasida 2019 yil Zelenskiy Trampning Baydenga qarshi tergov boshlashdan bosh tortishiga javoban AQSh Ukrainaga «Javelin» tankka qarshi raketa komplekslari yetkazib berishni blokirovka qilganini keltirish mumkin. Keyinchalik Kongressning demokratlar nazoratida bo‘lgan quyi palatasi shu ish asosida Trampga qarshi impichment e’lon qilgandi.
Trampning NATOga skeptik munosabati ham Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Sobiq prezident alyans a’zolari o‘z mudofaa xarajatlarini oshirish o‘rniga Amerika himoyasiga tayanib qolganini ro‘kach qilib keladi. Va agar uning ittifoqchilarga talablari Yevropadagilarda norozilik uyg‘otgan bo‘lsa, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin barchasi o‘zgargan. Bu yil alyansning 23 a’zosi o‘z yalpi ichki mahsulotining 2 foizini mudofaa uchun ajratishni va’da qilgan; 2022 yilda faqat to‘qqiz mamlakat, 2014 yilda esa — atigi uchtasi bu normani bajargandi.
Tramp ikkinchi muddatga saylangan taqdirda, Oq uyning Kreml bilan munosabatlari qanday rivojlanishini oldindan aytib bo‘lmaydi. Demokratlar ritorikasiga ko‘ra, respublikachilar yetakchisi — Putinning muxlisi va bir kam FXX agenti. Trampning o‘zi ham Putin bilan munosabatlari ajoyib bo‘lganini aytadi.
So‘nggi vaqtlarda Tramp Vengriya bosh vaziri Viktor Orban buni tasdiqlashi mumkinligini keltirib, Rossiya undan qo‘rqqanini aytishni xush ko‘radi. U o‘z boshqaruvi davrida ham Putin Ukrainaga bostirib ko‘rish haqida o‘ylagani, ammo u rossiyaliklar rahbarini bundan qaytarganini ta’kidlaydi. Yaqindagi intervyusida esa u Putinga Moskvaga zarba berish bilan tahdid qilgani haqida gapirdi (Kremldagilar uning bu bayonotiga izoh berishdan bosh tortgan).
Ammo Trampning birinchi ma’muriyati va Kreml munosabatlarining real tarixi liberalning kinoyalaridan ham, sobiq prezident o‘zi aytayotgan jasoratdan ham murakkabroq. Uning boshqaruvi yillarida yangi sanksiyalar qo‘llangan, rossiyalik 60 nafar diplomat AQShdan chiqarib yuborilgan, Rossiyaning Sietldagi bosh konsulligi yopilgan.
O‘sha yillarda Vashington qurollar ustidan nazorat to‘g‘risidagi kelishuvlardan — Ronald Reygan va Mixail Gorbachev tomonidan tuzilgan O‘rta va qisqa masofali raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi ikkitomonlama shartnoma hamda Ochiq osmon bo‘yicha ko‘ptomonlama bitimdan chiqqan. E’tiborli jihati, Rossiya uni AQSh ortidan tark etadi.
2017 yil aynan Tramp Amerikaning «Javelin» tankka qarshi raketa komplekslarini Ukrainaga yetkazib berishga qo‘yilgan embargoni bekor qilgandi.
Bularning barchasi Putinni o‘sha vaqtlarni nostalgiyasiz eslashiga olib keladi: «Janob Trampga kelsak, uning prezidentligi davrida Rossiya bilan munosabatlarda juda ko‘p sonli sanksiyalar va cheklovlar kiritilgandi».
Va Ukraina mavzusidan tashqari ham Tramp ma’muriyatining Kreml bilan munosabatlari yaxshi emasdi. Venesuela va Kubaga qarshi sanksiyalar, Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqish, eronlik general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi, Isroildagi elchixona Quddusga ko‘chirilishi va Jo‘lan tepaliklari ustidan Isroil suvereniteti tan olinishi — bu qadamlarning barchasi Moskva tomonidan tanqidga uchragan.
Bularning barchasi harbiy ekspert va Avstraliya armiyasining iste’fodagi generali Mik Rayanga agar Trampning ehtimoliy ikkinchi muddatida Putin bilan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolsa, amerikaliklar prezidenti Rossiyaga qarshi borishi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni ko‘paytirishi mumkin, deb taxmin qilishiga asos beradi.
Mavzuga oid
22:34
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
16:18
“Kanalni savol-javobsiz qaytarib olamiz” – Tramp Panamaga tahdid qildi
09:53