O‘zbekiston | 17:00 / 04.11.2024
1537
4 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Yaponiya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

Toshkent Kimyo xalqaro universiteti xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ta’lim sifati hamda ilmiy faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida yapon delegatsiyasini qabul qildi. Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti prezidenti boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga tashrif buyurdi. Bu tashrif ikki nufuzli universitet o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va ilmiy hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan.

Tashrif davomida Nagoya iqtisodiyot universiteti vakillari Toshkent Kimyo xalqaro universitetining ta’lim dasturlari, ilmiy-tadqiqot loyihalari va talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Yapon mutaxassislari universitetning qisqa vaqt ichida bunday ulkan yutuqlarga erishgani, o‘z sohasida xalqaro miqyosda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani haqida ijobiy fikr bildirdi.

Nagoya iqtisodiyot universiteti prezidenti Haruo Saburi Toshkent Kimyo xalqaro universiteti bilan hamkorlikning sabablariga to‘xtaldi:

“Toshkent Kimyo xalqaro universitetining ta’limda amaliy bilimlarga e’tibor qaratishi va jonkuyar yondashuvi bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu sababdan, biz Toshkent Kimyo xalqaro universiteti bilan hamkorlikda ishlashga qaror qildik. Ushbu memorandum asosida, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti talabalari bizning universitetda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishadi va aksincha, bizning talabalar ham Toshkentda o‘qib, tajriba almashadi.

Uchrashuv davomida ilmiy tadqiqotlarni hamkorlikda olib borish taklif qilindi va biz bu yo‘nalishda birgalikda ishlashga tayyormiz. Toshkent Kimyo xalqaro universiteti rahbariyatining loyihalarni tez amalga oshirishga intilishi bizga ham ushbu jarayonni tezlashtirish uchun katta rag‘bat beradi.

Shuningdek, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti yapon tilini o‘rgatishga katta e’tibor qaratmoqchi ekani tahsinga sazovor. Biz bu yo‘lda o‘z yordamimizni ko‘rsatishdan mamnunmiz va kelgusida yapon tilini mukammal bilgan talabalar yetishib chiqishiga ishonamiz.

Biz xalqaro miqyosda ko‘plab universitetlar bilan hamkorlik qilsak-da, olti yil avval tashkil etilgan yosh Toshkent Kimyo xalqaro universiteti bilan hamkorlik qilish biz uchun o‘zgacha bir tajriba hisoblanadi. Ushbu universitetning qisqa vaqt ichida qo‘lga kiritgan yutuqlari bizni hayratda qoldirdi va biz ham ulardan o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lamiz deb o‘ylaymiz”.

Tashrif doirasida universitetlar kelgusida “2+2” dasturlari asosida talaba almashinuvi, magistratura va doktorantura bosqichlarida ingliz va yapon tillarida ta’lim olish imkoniyatlari yaratish kabi muhim loyihalar ustida kelishib oldi. Shuningdek, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti professor-o‘qituvchilari uchun Nagoya iqtisodiyot universitetida malaka oshirish va stajirovka o‘tish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro ilmiy ishlar, maqolalar tayyorlash va kelgusidagi loyiha va dasturlarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlik memorandumini imzoladi.

Mazkur tashrif ikki mamlakat oliy ta’lim tizimini yaqinlashtiruvchi va talaba hamda professorlar almashinuvi orqali yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiluvchi muhim qadam bo‘ldi. Toshkent Kimyo xalqaro universiteti bu yo‘nalishda yetakchi bo‘lishni va global ta’lim hamjamiyatida o‘z o‘rnini mustahkamlashni maqsad qilmoqda.

Mavzuga oid