Jahon | 23:28 / 05.12.2024
11978
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya moliya vaziri rubl kursining qulashi sababini aytdi

Noyabr oxirlarida Rossiyada dollar kursi 109,6 rublga, Forex’da esa 114 rublga chiqib ketdi. Moliya vaziri Siluanovga ko‘ra, bu AQSh Gazprombankka qarshi sanksiya qo‘llagani tufayli sodir bo‘lgan. Uning aytishicha, kurs yaqin haftalarda barqarorlashadi.

Foto: RBK

Rublning zaiflashuvi Gazprombankka nisbatan sanksiyalar joriy etilgani bilan bog‘liq, bir-ikki hafta va «barchasi yaxshi bo‘ladi». Bu haqda Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Moliya vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Gazprombankka qarshi sanksiyalari tufayli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga kontragentlar bilan hisob-kitob qilish uchun yangi imkoniyatlar topishga vaqt kerak va ular bunday imkoniyatlarni topadi. «O‘ylaymanki, bu [rubl kursi bilan bog‘liq vaziyat] bir-ikki hafta, yana bir haftagina — va barchasi yaxshi bo‘ladi», — deydi vazir.

Siluanovning ta’kidlashicha, ayni vaqtda eksportchilarning valuta tushumlarini sotish normativlarini oshirishdan ma’no yo‘q. «Hozir bizda valuta tushumlarini sotish hajmi 36 foiz… Ammo, Rosfinmonitoring bizga aytganidek, aslida savdo hajmi 52 foizni tashkil etdi, ya’ni oshirishdan hech qanday ma’no yo‘q», — deydi u.

5 dekabr kuni Rossiya banki 1 dollar uchun rasmiy kursni 104,24 rubl etib belgiladi, noyabr oxirida u 109,6 rublga chiqib ketgandi. Forex xalqaro valuta bozorida dollar kursi 27 noyabrda 114 rubldan ham oshgan. Bu AQSh tomonidan noyabr oyida Rossiyaning o‘nlab moliyaviy tashkilotlari, jumladan, Rossiya gazi bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshiriladigan Gazprombankka qarshi sanksiyalar joriy etgani fonida yuz bergan.

Rossiya Markaziy banki 2024 yil oxiriga qadar ichki valuta bozorida chet el valutasi xaridini to‘xtatganidan keyin dollar kursi 100 rubl tomon tusha boshladi. RF prezidenti Vladimir Putin rubl kursining tebranishi ko‘plab omillarga bog‘liq ekani, vahima qilishga hojat yo‘qligi va vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qildi.

Mavzuga oid