Jahon | 14:52 / 16.12.2024
1289
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya kanslerligiga nomzod suriyalik qochqinlarni GFRga kiritmaslikka chaqirdi

Asad ag‘darilganidan keyin Suriyani tark etayotganlar diktator tarafdorlari bo‘lishi mumkin, deya ishontirmoqda nemis konservatorlari yetakchisi.

Foto: Carsten Koall/dpa/picture alliance

Germaniya Bashir Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng Suriyadan kelgan qochqinlarni mamlakatga kiritishni to‘xtatishi, shuningdek, «integratsiyani istamagan» suriyaliklarni o‘z vatanlariga qaytarishi kerak. Bu fikrni 15 dekabr, yakshanba kuni ARD media-kompaniyasining «Berlindan reportaj» dasturi efirida Germaniya Bundestagidagi Xristian-demokratik ittifoq/Xristian-sotsial ittifoq (XDI/XSI) fraksiyasi rahbari va ushbu konservativ blokdan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod Fridrix Mers bildirdi

Mers o‘z pozitsiyasini Suriyadagi hokimiyat radikal «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi boshchiligidagi isyonchilar ittifoqiga o‘tganidan so‘ng «Assad militsiyasi a’zolari» mamlakatdan Germaniyaga qochishi mumkinligi bilan izohladi. «Bizga ular Germaniyada umuman kerak emas», dedi nemis siyosatchisi.

Germaniya kansleri lavozimiga nomzod, shuningdek, Germaniyada bo‘lgan suriyalik qochqinlarga nisbatan Berlinning pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Konservatorlar uzoq vaqtdan beri ular hech bo‘lmaganda shimolga, Asad rejimi qulagandan keyin esa mamlakatning boshqa mintaqalariga qaytishi mumkinligiga ishonchi komil, deya tushuntirdi siyosatchi. Shu bilan birga, Mersga ko‘ra, «ishlaydigan va yaxshi integratsiyalashgan» suriyaliklar Germaniyada qolishi mumkin.

Berlin allaqachon suriyalik qochqinlarning boshpana so‘rash bo‘yicha yangi arizalarini ko‘rib chiqishni to‘xtatgan. Bu Bashar Asadning Damashqdan Rossiya Federatsiyasiga qochgani va uning rejimi qulagani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgandan keyin ertasi kun amalga oshirildi.

GFRda suriyalik qochqinlar ukrainaliklardan kamroq ekani aniqlandi

Germaniyada 1,3 millionga yaqin suriyalik istiqomat qiladi. 12 dekabr kuni Germaniya Federal statistika boshqarmasi hisobotida ma’lum qilinishicha, ulardan faqat yarmi (712 ming) boshpana izlovchilardir.

2023 yil oxirida suriyaliklar Germaniyadan boshpana so‘rab murojaat qilganlarning 22 foizini tashkil qilgan. Ular Germaniyadagi qochqinlar soni bo‘yicha ukrainaliklardan (taxminan 1,65 million) keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

Suriyalik qochqinlarning yarmidan ko‘pi 2014–2016 yillarda kelgan, ularning 12 foizi, ya’ni 85 mingga yaqini Germaniyada tug‘ilgan bolalardir.

Germaniyada jami suriyalik 1,3 millionga yaqin kishi bor. Ularning taxminan 18 foizi Germaniyada tug‘ilgan. Deyarli 17 foizi Germaniya fuqaroligiga ega. «Suriyadan migratsion kelib chiqishi bo‘lganlar soni bu yerdan boshpana so‘ragan suriyaliklar sonidan sezilarli darajada ko‘p», — deb xabar berdi statistika idorasi.

Germaniyaga ko‘chib o‘tgan suriyaliklarning o‘rtacha yoshi 23 yoshni tashkil qiladi. Bu ularning ko‘pchiligi nima uchun ish topa olmasligini tushuntiradi. Germaniyada mehnatga layoqatli yoshdagi suriyaliklarning atigi 42 foizi ishlaydi. «Sabablardan biri shundaki, suriyalik muhojirlarning katta qismi o‘rtacha yoshi past bo‘lgani uchun hamon ta’lim oladi», — deyiladi hisobotda.

Mavzuga oid