Uolt Disneyning shu vaqtgacha yo‘qolgan deb hisoblab kelingan ilk multfilmi topildi
Shu kungacha yo‘qolib ketgan deb hisoblanadigan, Uolt Disney tomonidan bundan 87 yil muqaddam suratga olingan multfilm Britaniya kino instituti arxividan topildi, deya xabar bermoqda Daily Mail.
«Sani o‘z qo‘g‘irchoqlari bilan» deb nomlangan mazkur animatsion film 1928 yilda tayyorlangan bo‘lib, uning davomiyligi 6 daqiqani tashkil qiladi. Unda bosh qahramon — Osvald laqabli quyoncha. Mazkur qahramon Mikki Mausning ilk ko‘rinishini tasvirlagan qahramon sifatida e'tirof etiladi. Shuningdek Osvald Uolt Disneyning shaxsan o‘zi chizgan ilk multqahramon sanaladi.
Ilgari mazkur kartinaning barcha nusxalari yo‘qolgani qayd qilingandi. Tadqiqotchilardan biri filmning lentalaridan birini arxivning bir qismidan topib olgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur film qayta tiklanib, 2015 yilning 12 dekabrida yana qayta omma e'tiboriga taqdim etilishi kutilmoqda.