Qoraqalpoq davlat universitetining bosh binosi mukammal ta'mirdan so‘ng foydalanishga topshirildi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining bosh binosi mukammal ta'mirdan so‘ng foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.
Xabarda keltirilishicha, ta'mirlash ishlariga 13 milliard 150 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. O‘quv binosi zamonaviy o‘quv-uslubiy uskunalar bilan to‘liq jihozlandi.
– Manzilli dasturga ko‘ra, joriy yilda ham bunyodkorlik ishlari davom ettiriladi, – deydi universitet rektori Murod Jumanov. – 2 o‘quv binosi, axborot-resurs markazi, 2 talabalar yotoqxonasi rekonstruksiya qilinib, 24x42 hajmdagi sport majmuasi yangidan bunyod etiladi.
Bugungi kunda universitetning 10 fakultetida 7 ming 800 dan ziyod talaba-yoshlar zamonaviy sharoitlarda tahsil olmoqda. Talabalar orasida 5 nafar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, 6 nafar Mirzo Ulug‘bek nomidagi, 11 nafar Alisher Navoiy nomidagi va 40 dan ziyod Berdaq nomidagi davlat stipendiyasi sohiblari bor.
Shuningdek, sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha 1 nafar jahon va 4 nafar Osiyo chempioni, 27 nafar O‘zbekiston chempioni o‘quv dargohining faxri hisoblanadi.
Tadbir doirasida universitetning texnika fakulteti talabalari tomonidan yaratilgan qurilish loyihalari, inshootlar maketi va tasviriy san'at ishlarining ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Suratlar muallifi: Maqsad HABIBULLAYeV