Kim Chen In vodorod bombasini yaratganlar sharafiga banket uyushtirdi
KXDR rahbari Kim Chen In Pxenyanda vodorod bombasini yaratish va sinovdan o‘tkazishda ishtirok etgan olimlar, texnologlar va ishchilar guruhi sharafiga banket uyushtirdi.
Mamlakat markaziy telegraf agentligining xabar qilishicha, 8-13 yanvar kunlari ular Kimsusan yodgorlik majmuasida Kim Ir Sen va Kim Chen Irning xotirasini yodga olishgan. Shuningdek, mutaxassislarga yirik ilmiy-texnik majmua, o‘quvchilar saroyi, Munsu zamonaviy suv-sog‘lomlashtirish kompleksi ko‘rsatilgan.
12 yanvar kuni Kim Chen Inning shaxsan o‘zi Shimoliy Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi binosida termoyadroviy qurol mualliflariga davlat mukofotlarini topshirgan.
Eslatib o‘tamiz, 6 yanvar kuni KXDR vodorod bombasini muvaffaqiyat bilan sinovdan o‘tkazilganini ma'lum qildi. Ushbu axborot hanuzgacha tekshirilmay qolmoqda.