Rio Tinto kompaniyasi O‘zbekistonda mis qidiruvini to‘xtatdi
Avstraliya-Britaniya kompaniyasi Rio Tinto Ltd 2015 yilning birinchi yarim yilligida geologik-qidiruv ishlarining dastlabki dasturini yakunladi. Jahon bozorida rangli metallar narhining tushib ketishi misni izlashni rad etishga sabab bo‘ldi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi.
“Rio Tinto qidiruvni to‘xtatdi, hozirda bozordagi vaziyat u qadar qulay emas”, - deya ma'lum qildi agentlik suhbatdoshi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya ishtirokidagi geologik-qidiruv ishlari loyihasi 2016 yil davlat investitsion dasturiga kirmagan. “Agar sarmoyador loyihani yangilashga qaror qilsa, u holda loyihaga qaytish murakkab bo‘lmaydi”, - deya qo‘shimcha qildi u. Hozirda Rio Tinto vakillaridan vaziyatga oid fikrlar olinmagan.
2012 yilning dekabr oyida Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi Rio Tinto’ga “Gava” hududidagi istiqbolli maydonda geologik-qidiruv ishlarini o‘tkazish uchun besh yil muddatga litsenziya bergan edi. Loyihani amalga oshirish uchun Gava Exploration operatsion kompaniyasi tashkil etilgan. Lisenzion maydonning prognoz resurslari ma'lum qilinmayapti.
2015 yilning birinchi yarim yilligi oxiriga kelib kompaniya dastlabki geologik-qidiruv ishlari dasturini yakunladi va yil oxiriga qadar loyihaning amalga oshirilishi bo‘yicha qaror qabul qilishi lozim edi. Investitsiyalar hajmi 3 million dollarni tashkil etgan.
Avvalroq Rio Tinto vakillari litsenziyani qo‘lga kiritishsa, besh yil davomida O‘zbekistondagi mis konlarini izlash uchun 100 million dollargacha hajmda investitsiya kiritishni rejalashtirayotganliklarini ma'lum qilgan edilar.