2015 yilda O‘zbekistonda AJlarning 20 foiz rahbari egallab turgan lavozimiga loyiq emas, deb topildi
2015 yilda barcha aksiyadorlik jamiyatlarining faoliyati to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazildi, natijada 462 ta jamiyatni yoki ularning 43 foizini tugatish yoki boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga o‘zgartirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15 yanvar kuni mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma'ruzasida ma'lum qildi.
Korxonalarni korporativ boshqarish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish asosida aksiyadorlik jamiyatlarining yangi namunaviy tuzilmasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Shu tariqa, zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi talablarini inobatga olgan holda, Lavozim va kasblarning yangi klassifikatori ishlab chiqildi va tasdiqlandi, unga bozor iqtisodiyoti talablariga mos keladigan 566 ta yangi toifa kiritildi.
Ana shu klassifikator asosida rahbarlar tarkibi attestatsiyadan o‘tkazildi. Rahbar kadrlarning korporativ boshqaruvning zamonaviy usul va prinsiplari, menejment va marketing bo‘yicha bilimlarini baholash ushbu sinovning asosiy maqsadi qilib qo‘yildi.
Uning natijalariga ko‘ra, attestatsiya qilingan 721 nafar rahbar xodimning yarmi – 49 foizi attestatsiyadan o‘tgan bo‘lsa, ularning har uchinchisi attestatsiyadan shartli ravishda o‘tkazilgan, 20 foizi yoki har beshinchi rahbar esa egallab turgan lavozimiga loyiq emas, deb topilgan.
Bo‘shab qolgan rahbarlik lavozimlariga puxta bilimga ega bo‘lgan, zamonaviy menejment va marketing usullarini amalda qo‘llay oladigan yosh mutaxassislar tayinlandi.
Shu borada Germaniyada joylashgan Yevropa menejment va texnologiyalar maktabining faol ishtirokida aksiyadorlik jamiyatlarining rahbar xodim va mutaxassislarini tizimli asosda tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish, ularning zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini egallashini ta'minlash maqsadida mamlakatimizda Korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markazi tashkil etildi.
O‘tgan yili Germaniya va iqtisodiy jihatdan rivojlangan boshqa davlatlardagi yetakchi ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilarini keng jalb qilgan holda, mamlakatimiz aksiyadorlik jamiyatlari, banklar va yirik korxonalarning 160 nafardan ortiq rahbar xodimi korporativ boshqaruv sohasida malaka oshirdi, ularning yarmi Germaniya korxonalarida tajriba orttirdi.