Jamiyat | 00:02 / 19.01.2016
5120
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda politsiyachi tomonidan o‘ldirilgan qora tanli erkak oilasi 4,8 mln dollar tovon puli oladigan bo‘ldi

AQShda hujjatni tekshirish paytida politsiyachi tomonidan o‘ldirilgan qora tanli erkak yaqinlari 4,8 mln dollar tovon puli oladigan bo‘ldi. Bu haqda mahalliy OAVlar ma'lum qildi.

OAVlar ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yil iyulida Tsintsinnati universitetida politsiyachi bo‘lib ishlagan Rey Tensing tomonidan otib o‘ldirilgan 43 yoshli Semyuel Dyubouz oilasi sudgacha tartibda avvalroq berilgan da'vo arizasi bo‘yicha kelishuvga keldi. Kelishuvga ko‘ra, Tensingni universitet hududini qo‘riqlash uchun yollagan universitet marhumning oilasiga ko‘rsatilgan qiymatni to‘lab beradi va uning yetim qolgan 12 farzandiga universitetda bepul ta'lim olishga ijozat beradi.

Bundan tashqari, universitet ma'muriyati marhumning oilasidan rasman uzr so‘raydi hamda talabalar shaharchasi hududida Dyubouz xotirasiga yodgorlik barpo etadi.

O‘tgan yilning 19 iyulida politsiyachi universitet kampusi oldida old tomonida avtomobil raqami bo‘lmagan avtomobilni to‘xtatgan. Politsiyachining ta'kidlashicha, rulda bo‘lgan Dyubouz haydovchilik guvohnomasini ko‘rsatishdan bosh tortgan va o‘zini tajovuzkorona tutib, uni bosib ketishiga bir baxya qolgan. Oqibatda politsiyachi marhumga bir marta o‘q uzgan, o‘q Dyubouzning boshiga tegishi oqibatida u halok bo‘lgan.

Politsiyachi shundan keyin ishidan bo‘shatilgan va sudga topshirilgan. Politsiyachi sud jarayonida o‘zining aybsizligini ta'kidlagan, biroq sud hakami uning ko‘rsatmalarini shubha ostiga olgan. Hakamning aytishicha, voqea paytida avtomobil politsiyachiga hattoki tegmagan. Prokurorning ta'kidlashicha, politsiyachi qurbonni ataylab o‘ldirgan.

Tensing advokatining aytishicha, sud uning mijoziga noxolis munosabatda bo‘lmoqda va uning ustidan qora tanli kishini o‘ldirgan oq tanli politsiyachi sifatida namoyishkorona sud jarayonini uyushtirmoqchi. Agar sobiq politsiyachi aybdor deb topilsa, u umrbod qamoq jazosiga tortilishi mumkin.