Jahon | 10:43 / 19.01.2016
3646
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy rahbari Si Tszinpin 19 yanvardan Saudiya Arabistoni, Misr va Eronga safarini boshlaydi

Xitoy rahbari Si Tszinpin 19 yanvardan Yaqin Sharq bo‘yicha safarga jo‘naydi. U 24 yanvargacha mintaqaning uchta davlati – Saudiya Arabistoni, Misr va Eronga tashrif buyuradi.

Si Tszinpinning Saudiya Arabistoniga safari oxirgi 7 yil ichidagi ilk safari bo‘ladi. Xitoy yetakchilarining Qohira va Tehronga tashrif buyurishmaganiga mos ravishda 12 va 14 yil bo‘lgan.

Si Tszinpin bu uchta davlat yetakchilari bilan uchrashishidan tashqari, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Abdulatif az-Zayoniy, Arab davlatlari ligasi bosh kotibi Nabil al-Arabiy bilan uchrashadi va bu tashkilotning bosh qarorgohida nutq so‘zlaydi.

Xitoy yetakchisi ushbu safar davomida dastlab Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi. Ushbu davlat Xitoyga asosiy neft yetkazib beruvchi davlat, Xitoy esa o‘z navbatida 2013 yildan Saudiya Arabistonining bosh savdo hamkori hisoblanadi.

Xitoy, shuningdek, 16 yanvardan BMT, AQSh va Yevropa Ittifoqi iqtisodiy va moliyaviy cheklovlari bekor qilingan Eron bilan energetika sohasida hamkorlikni faollashtirishni rejalashtirmoqda.

Si Tszinpin Misrga tashrifi davomida ushbu davlat bilan yaqin yillar uchun har tomonlama hamkorlik rejasini muhokama qilmoqchi. Safar chog‘ida bu davlat bilan ikki tomonlama hamkorlik borasida bir qator hujjatlar imzolanishi hamda Suvaysh kanalida Xitoy-Misr savdo-iqtisodiy hamkorligining ikkinchi navbati ochilishi rejalashtirilmoqda.

Xitoy yetakchisining bu davlatlarga safari Yaqin Sharq mintaqasining deyarli barcha davlatlarida terrorchilik faoliyati faollashgan bir vaqtda amal oshirilmoqda. Shuning uchun terrorchilikka qarshi kurash masalalari Si Tszinpin tashrif buyuradigan barcha davlatlarda o‘tkaziladigan muzokaralarda muhokama qilinadigan asosiy mavzulardan biri bo‘ladi.