Dekabr oyida O‘zbekistondagi kitob do‘konlarida eng ko‘p sotilgan kitoblar reytingi e'lon qilindi
Yodingizda bo‘lsa, 2015 yil noyabr oyining eng xaridorbop kitoblarining 20 talik reytingi e'lon qilingan edi. «Yangi asr avlodi» nashriyoti marketologlari 2015 yil dekabr oyining ham kitobxonlar orasida eng ommalashgan kitoblar monitoringini taqdim etdi.
Bu gal 24 talik reyting hukmingizga havola qilinmoqda. Eslatib o‘tamiz, mazkur reyting «Yangi asr avlodi» nashriyoti tomonidan chop etilgan va respublikamiz kitob do‘konlarida hamda tashkilotlar tomonidan eng ko‘p sotib olingan kitoblar asosida tuzilgan.
2015 yilning so‘nggi oyida eng ko‘p sotilgan kitob, bu “Kamolot” kutubxonasi” ruknida chop etilgan jahon adabiyotining yirik namoyondasi Jonatan Svift qalamiga mansub “Gulliverning sayohatlari” asari bo‘ldi. O‘tgan oy davomida 2180 dona “Gulliverning sayohatlari” asari kitobxonlar javonidan o‘rin oldi.
Ikkinchi o‘rinda Astrid Lindgrenning “Mittivoy va Karlson” asari, uchinchi o‘rinda esa Daniyel Defoning “Robinzon Kruzoning hayoti va ajoyib sarguzashtlari” kitobi joy egalladi. Mazkur natijalarning quvonarli tomoni, dekabr oyida ota-onalar farzandlariga yangi yil bayrami tuhfasi sifatida kitob sovg‘a qilganliklari bois, bolalar adbiyotining savdosi yuqori ko‘rsatkichda bo‘ldi.
Ayniqsa bolalarning sevimli adibi Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlari kitobxonlar tomonidan eng ko‘p xarid qilinib kelinmoqda. Shuningdek, Chingiz Aytmatov, G‘afur G‘ulom, O‘tkir Hoshimov, Artur Konan Doyl asarlari ham kitob savdosida yetakchilik qilmoqda. Dekabr oyida eng ko‘p sotilgan kitoblar
Jonatan Svift. “Gulliverning sayohatlari” — 2180 dona;
Astrid Lindgren. “Mittivoy va Karlson” — 2150 dona;
Daniyel Defo. “Robinzon Kruzoning hayoti va ajoyib sarguzashtlari” — 2130 dona;
Antuan de Sent-Ekzyuperi. “Kichkina shahzoda” — 1930 dona;
Xudoyberdi To‘xtaboyev. “Peshonasiga televizor yopishgan bola” — 1783 dona;
Z.Zamonov, D.Zubatova. “Top-top-topishmoq” — 1500 dona;
Inglizcha-o‘zbekcha lug‘at — 1160 dona;
M.Hamidova. “Momomning sandig‘i” — 985 dona;
G‘afur G‘ulom. “Shum bola” — 982 dona;
“Kenja o‘g‘il va botir” — 855 dona;
Xudoyberdi To‘xtaboyev. “Qasoskorning oltin boshi” — 825 dona;
Xudoyberdi To‘xtaboyev. “Besh bolali yigitcha” — 663 dona;
Xudoyberdi To‘xtaboyev. “Shirin qovunlar mamlakati” — 597 dona;
Xudoyberdi To‘xtaboyev. “Sariq devni minib” — 556 dona;
Xudoyberdi To‘xtaboyev. “Jannati odamlar” — 555 dona;
Tohir Malik. “Shaytanatning jin ko‘chalari” — 553 dona;
Xudoyberdi To‘xtaboyev. “Mungli ko‘zlar” — 530 dona;
Chingiz Aytmatov. “Oq kema” — 525 dona;
Artur Konan Doyl. “Sherlok Xolms va doktor Vatsonning sarguzashtlari” — 500 dona;
O‘tkir Hoshimov. “Nur borki, soya bor” — 493 dona;
Janni Rodari. “Jyelsomino yolg‘onchilar mamlakatida” — 477 dona;
Yulian Semyonov. “Bahorning 17 lahzasi” — 451 dona;
Chingiz Aytmatov. “Asrni qaritgan kun” 435 dona;
Ernest Xeminguey. “Chol va dengiz” — 430 dona.
Yaqin kunlarda 2015 yil davomida eng ommalashgan kitoblar reytingi e'lon qilinadi.