Jahon | 00:49 / 20.01.2016
6960
3 daqiqa o‘qiladi

Donald Tusk Shengen hududi 2 oydan keyin yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligini aytdi

Yevrokengash rahbari Donald Tusk shengen hududi 2 oydan keyin o‘z faoliyatini tugatishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

Siyosatchining izohlashicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi vizasiz tartib agar davlatlar muhojirlar bilan bog‘liq masalani hal qila olmasalar, bekor qilinishi mumkin. “Bizda vaziyatni nazoratga olish uchun 2 oy vaqt bor”, deb aytdi Tusk Yevroparlament deputatlari oldidagi nutqida. Tuskning ta'kidlashicha, Yevropa Ittifoqi agar o‘zining tashqi chegaralari xavfsizligini ta'minlay olmasa, “siyosiy loyiha sifatida inqirozga uchraydi”.

Avvalroq Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker shengen hududining yo‘q bo‘lib ketishi YeIning mavjudligiga xavf solishidan ogohlantirgandi.

Ayni paytda noqonuniy muhojirlikning oldini olish maqsadida Norvegiya, Shvetsiya, Daniya, Germaniya, Fransiya, Malta va Avstriyada chegara nazorati amalga oshirilmoqda. Vena 16 yanvarda bunday amaliyotga qaytishini e'lon qildi. Avstriya federal kansleri Verner Fayman bunday choralarning ko‘rilishini YeIning tashqi chegaralarning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha ishining muvaffaqiyatsizlikka uchrashi bilan tushuntirdi. “Bunday vaziyatda har bir davlat o‘z chegaralarini nazorat qilishi kerak”, deb aytdi Fayman.

2015 yilda YeIda muhojirlarning katta oqimi sababli inqiroz yuzaga keldi. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda YeIga muhojirlik oqimi 2 barobarga, YeI ma'lumotlariga ko‘ra esa 3 barobarga oshishi mumkin.

Ochiq chegaralar haqidagi Shengen konvensiyasiga ko‘ra, kelishuvga a'zo davlatlar xavfsizlik va jamoatchilik tartibini qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘lganda ichki chegaralarida pasport nazoratini vaqtinchalik tiklash huquqiga ega.

Pasport-viza nazoratini soddalashtirish bo‘yicha Shengen kelishuvi 1985 yil 14 iyunda imzolangan va dastlab beshta davlat – Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Fransiya va Germaniyani o‘z ichiga olgan. Hozirda ushbu hududga 26 ta Yevropa davlati kiradi.