OAV: turk tili Yevropa Ittifoqining 25-rasmiy tiliga aylanishi mumkin
Kipr hukumati Yevropa Ittifoqining tegishli idoralariga turk tilini Yevropa Ittifoqining navbatdagi rasmiy tili sifatida qabul qilinishi bo‘yicha murojaat qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Cyprus Mail gazetasi ma'lum qildi.
Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat prezidenti Nikos Anastasiadis hukumatga Yevropa Ittifoqiga a'zo davlat tilini rasman tan olinishi bo‘yicha YeIda o‘rnatilgan tartibotlarni aniqlash vazifasini yukladi. Bundan tashqari, Anastasiadis o‘zining bu qaroridan tan olinmagan “Shimoliy Kipr turk respublikasi” yetakchisi Mustafo Akinjini xabardor qildi. Akinji o‘z navbatida bu taklifga ijobiy javob berdi. Ko‘pchilik ekspertlarning fikricha, grek-kipr jamoatchiligi yetakchisining bu qadami Kipr masalasini hal qilish bo‘yicha muzokaralarda do‘stona muhitni yaratishga qaratilgan.
Ayni vaqtda turk tili Kiprning davlat tili hisoblanadi. Biroq orol deyarli ikki qismga bo‘lingani sababli, turk tili orolning janubiy qismi – Kipr Respublikasida ishlatilmaydi.
Kipr milliy alomat bo‘yicha 1974 yildan Turkiyaning qurolli bostirib kirishidan keyin ikkiga bo‘lingan. Harbiy harakatlar oqibatida orol hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazoratiga o‘tgan va bu yerda 1983 yilda tan olinmagan Shimoliy Kipr turk respublikasi tuzilgani e'lon qilingan.