O‘zbekiston 2016 yilgi eng yaxshi turistik yo‘nalishlar reytingiga boshchilik qildi
Kanadaning G Adventures sayyohlik operatori eng yaxshi sayohat turizmi yo‘nalishlari beshtaligini e'lon qildi. Ushbu ro‘yxatning birinchi pog‘onasidan Markaziy Osiyo o‘rin egalladi.
“Maftunkor zamin” – Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O‘zbekiston hududi shunday tavsiflandi. Bu yerda sayohatchilarga tarixning o‘zi hikoya qiladi. Go‘zal landshaftlar, noyod qadimiy arxitektura yodgorliklari, o‘ziga xos madaniyat, samimiy mehmondo‘stlik – bularning barchasi sayyohlarni o‘ziga jalb etmasdan qo‘ymaydi.
Ikkinchi o‘rinda Yaponiya tilga olindi. Shimoliy Braziliya, Shimoli-sharqiy AQSh va Shri-Lanka ham TOP-5 qatoridan joy oldi.
Ma'lumot uchun, G Adventures – kichik guruhdagi odamlar uchun sayyoraning turli burchaklariga sayohatlarni tashkil etish bo‘yicha jahondagi taniqli kompaniyalardan hisoblanadi. Kompaniyaga 1990 yilda asos solingan bo‘lib, Greenpeace singari turli ekologik tashkilotlar bilan hamkorlik olib boradi. Mazkur operator tomonidan uyushtiriladigan sayohatlar bir necha bor National Geographic Traveler jurnali tomonidan e'tirof etilgan.