Jahon | 08:45 / 21.01.2016
4464
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Obama Pentagonga IShIDning Afg‘onistondagi pozitsiyalariga aviazarbalar berishga ko‘rsatma berdi

AQSh prezidenti Baraka Obama ma'muriyati mamlakatning harbiy rahbariyatiga IShIDning Afg‘onistondagi pozitsiyalariga aviazarbalar berish vakolatini berdi. Bu haqda The Washington Post gazetasi ma'lum qildi.

“O‘tgan haftada qabul qilingan jangovor harakatlarni yuritishning yangi qoidalari Afg‘onistondagi harbiy qo‘mondonlikka IShID jangarilari pozitsiyalariga “Al-Qoida” terrorchilik tarmog‘i jangarilariga berilgan zarbalar kabi aviazarbalar berishga ruxsat beradi”, deb AQSh Mudofaa vazirligidagi o‘z manbasining so‘zlarini keltirmoqda nashr.

Manba ma'lumotlariga ko‘ra, yangi ko‘rsatmalar Afg‘onistonda “IShIDga qarshi jadalroq kurash olib borishga imkon beradi”. Avvalgi ko‘rsatmalar AQSh harbiylarining Afg‘onistonda uch holatda aviazarbalar berishiga imkon bergan: xorijiy qurolli kuchlarni himoya qilishda, Afg‘oniston hukumat kuchlarini qo‘llab-quvvatlash doirasida hamda “Al-Qoida” va uning bo‘limlari pozitsiyalariga zarba berishda.

Nashrning ta'kidlashicha, AQSh harbiy-havo kuchlari avvalroq ham Afg‘onistonda IShID jangarilariga qarshi zarba bergan, biroq bunda ularga zarba berishga ularning IShIDga aloqadorligi emas, balki bu kimsalar umuman xavf tug‘dirgani sabab bo‘lgan.