Jamiyat | 09:51 / 21.01.2016
6924
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonliklar eski mashinalar sotib olish uchun 500 ming dan bir million tangagacha soliq to‘lashlariga to‘g‘ri keladi

2016 yil 1 yanvardan Qozog‘istonda avtomobil texnikasini davlat ro‘yxatidan birlamchi o‘tkazish uchun to‘lovlarning yangi stavkalari o‘rnatildi. Soliq kodeksiga kiritilgan bu o‘zgartirishlar qozog‘istonliklarni hayratlantirmoqda.

Aslida bundan ezgu maqsadlar ko‘zlangani aytilmoqda. Shu yo‘l bilan Qozog‘istonga xorijdan eski avtomobillarning ko‘plab sonda kirib kelishini to‘xtatish maqsad qilingan. Shuning uchun yangi avtomobil uchun to‘lov bor-yo‘g‘i 0,25 minimal ish haqini tashkil qilsa, yoshi 3 yildan ko‘proqni tashkil qiladigan mashinani ro‘yxatga olish uchun 500 minimal ish haqi, ya'ni bir million tangadan ko‘proq pul to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Xususiy tadbirkorlar va dehqonchilik xo‘jaliklari foydalanadigan tijoriy atotexnikani sotib olish uchun esa umuman “osmono‘par” narxlar to‘lashga to‘g‘ri keladi: yoshi 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan bunday toifadagi transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazilishiga 240 minimal ish haqi, 3 yildan 5 yilgacha bo‘lganiga 500 minimal ish haqi va 5 yildan kattaroq bo‘lganiga 2500 minimal ish haqi miqdorida soliq to‘lanadi.

Bu holatning tragikomikligini ko‘rsatish uchun shuni misol qilib keltirish mumkinki, misol uchun, narxi 100 ming dollardan ko‘proqni tashkil qiladigan bir yoshga to‘lgan Range Rover mashinasi uning shundoq ham o‘ziga to‘q egasiga bor-yo‘g‘i 50 minimal ish haqi yoki 106 050 tangaga aylansa, dehqon o‘zining mahsulotini tashish uchun 7 ming dollarlik odmigina “UAZ” mashinasini ro‘yxatdan o‘tkazishi uchun davlatga 240 minimal ish haqi yoki 509040 tanga miqdorida soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar yana bir chalkashlikka egaligi aytilmoqda.
Yangi qonunga ko‘ra, minimal to‘lov (0,25 minimal ish haqi) yoshi bir yilga to‘lmagan, ishlab chiqarilgan yili ham hisobga olingan mashinalarga to‘lanadi. Keyingi stavkalardagi to‘lovlar (25, 50 yoki 240 minimal ish haqi) yoshi 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan mashinalarga to‘lanadi.

Shu tariqa, qonunda “ishlab chiqarilgan yili ham hisobga olingan holda” matnining tom ma'noda talqin qilinishiga ko‘ra, 2015 yil 25 dekabrida ishlab chiqarilgan mashina davlat ro‘yxatidan o‘tayotganda bor-yo‘g‘i bir oylik mashina sifatida emas, balki ikki yoshga to‘lgan mashina sifatida talqin qilinadi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotganda yuqori stavka bo‘yicha soliqqa solinadi.

Bir hafta keyin, ya'ni 2016 yil yanvarida ishlab chiqarilgan va darhol hisobga qo‘yilgan mashina esa bir yil davomida yangidek hisoblanadi. Ko‘pchilik avtomobil egalari qonunning bu nomukammalligini o‘zlarining cho‘ntaklarida his qilishga ulgurdilar.

“Odamlar, 2015 yilda ishlab chiqarilgan mashinalarni sotib olmang, 2016 yilni kutib turing. Shunda siz u uchun 240 minimal ish haqi emas, balki arzimagan tiyinlar to‘laysiz. 2015 yilda ishlab chiqarilgan mashinalarni esa sotuvchilar bilan hukumat hal qilsin. Agar to‘lovlarning kamaytirilishiga kelisha olmasalar, unda buning boshqa yo‘lini topsinlar. Asosiysi, siz ortiqcha pul to‘lamaymiz”, deb aytmoqda foydalanuvchilardan biri Facebook’dagi akkauntida.

Biroq bu foydalanuvchi 2016 yildagi avtomobillar uchun yuqoridagi kabi miqdorda utilizatsion to‘lovni to‘lash kerakligini eslatib o‘tmagan.