AQSh boshchiligidagi koalitsiya Suriya va Iroqda quruqlikdagi operatsiyalarga kirishishni tezlashtiradi
Pentagon rahbari Eshton Karter Yaqin Sharq hududida IShIDga qarshi kurashayotgan xalqaro koalitsiya kuchlari Mosul va Raqqani imkon qadar tez vaqt ichida jangarilar qo‘lidan ozod qilishi kerakligini aytdi. Bu haqda Reyter agentligi xabar bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu maqsad "quruqlikdagi harbiy harakatlar"ga kirishish orqali amalga oshiriladi.
"Biz bu ikki joydagi IShID jangarilarini butunlay yo‘q qilishimiz kerak. Men bu ish imkon qadar tez fursat ichida ro‘y berishi tarafdoriman", degan Karter.
Politico nashrida yozilishicha, Karter Iroqda IShIDga qarshi harbiy harakatlarga AQShning 101 havo-desant diviziyasi harakatlana boshlashini ma'lum qilgan. Bu diviziya harbiylari vertolyotlar yordamida harbiy amaliyotlar o‘tkazish uchun ixtisoslashgan.
Karter koalitsiyaning boshqa vakillarini ham IShIDga qarshi kurashdagi harakatlarini faollashtirishga chaqirgan.
Ayni paytda AQShning Iroqdagi kontingentini 3000 ga yaqin askar va ofitserlar tashkil qilsa, Suriyada AQSh maxsus bo‘linmalaridan bor-yo‘g‘i 50 kishi bor.
Eslatib o‘tamiz, AQSh IShIDning Suriyadagi marralariga 2014 yil sentabridan beri aviazarbalar berib kelmoqda. Vashington o‘shanda mazkur harbiy amaliyotlar havo hujumlari bilan cheklanishi to‘g‘risida bayonot bergandi.