Jamiyat | 22:36 / 22.01.2016
8047
2 daqiqa o‘qiladi

Tataristonda fohishani o‘ldirgan qirg‘izistonlik 11 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin

Tatariston poytaxti Qozonning Novo-Savinov tuman sudida fohishaning qotilligida ayblanayotgan 25 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi Jahon Xudayberdiyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha tomonlar eshitildi.

Prokuror suddan Xudayberdiyevni 11 yillik qamoq jazosiga tortishni so‘radi. Bu haqda o‘ldirilgan qizning onasi manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Ravshana Kamalova ma'lum qildi.

“Ayblanuvchi o‘z aybini to‘liq tan oldi va qilgan ishidan pushaymon bo‘lmoqda”, deb aytdi advokat.

Hukm 3 fevralda qabul qilinadi.

Tergov versiyasiga ko‘ra, 2015 yilning oktabrida ayblanuvchi Qozonda 25 yoshli fohisha bilan tanishib qolgan. U qizni uyiga taklif qilgan va u yerda mast holatda qizni bo‘g‘ib qo‘ygan.

Tergovchilarning aniqlashicha, qizning jasadi ikki kun kvartirada yotgandan keyin, qotil jasadni choyshabga o‘rab, boshiga qurilish qopini kiygazib, uni skotch bilan o‘rab, uyining oynasidan pastga uloqtirib yuborgan.