Jahon | 16:42 / 23.01.2016
7270
2 daqiqa o‘qiladi

BMT 15 davlatni qarzlari uchun ovoz berish huquqidan mahrum qildi

Dunyoning 15 mamlakati BMT uchun yillik to‘lovlarni amalga oshira olmadi. Associated Press nashrida yozilishicha, ular qatorida Venesuela ham bor.

Bu haqda tashkilot bosh kotibi Pan Gi Mun BMT Bosh assambleyasiga yo‘llagan maktubida ma'lum qilgan.

Qayd etilishicha, bu ro‘yxatda Liviya, Dominikan Respublikasi, Sent-Vinsent va Grenadina, Burundi, Bahrayn, Mali hamda Eron kabi nomlar ham bor.

Bosh assambleya bosh kotibi Daniel Tomas bu maktub haqidagi xabardan keyinroq "Eron to‘lovni amalga oshirgani va ovoz berish imkonini qo‘lga kiritishi mumkinligi" haqida aytgan.

Pan Gi Munning izohlashicha, Bosh assambleya bu davlatlarning qarzdorlik sabablarini o‘rganishi va bu davlatlar to‘lovning amalga oshirilishi kechikkaniga yetarli darajada izoh topib bersa, ularga to‘lovlardan keyin ovoz berish huquqini taqdim etadi.

Jumladan Yaman, Somali, Komor orollari, Gvineya-Bisau hamda San-Tome va Prinsipi kabilarda siyosiy va iqtisodiy inqiroz mavjudligi sabab ovoz berish huquqidan mahrum etmasligi aytilgan.