Jahon | 01:05 / 23.01.2016
6215
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Rossiyada gripp epidemiyasi boshlanganini aytishmoqda

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi grippni o‘rganish ilmiy-tadqiqot instituti xulosasida Rossiyada ko‘rinishicha gripp epidemiyasi boshlanayotgani aytilmoqda.

Olimlarning aytishicha, epidemiyaning boshlanayotganidan bir nechta omillar darak bermoqda. Dekabrning 3-haftasi kuzatuvlari natijalariga ko‘ra, Rossiya uchun epidemiologik chegara o‘ratacha 2,8 foizga, bolalar o‘rtasida esa 16,9 foizga oshib ketgan. Vaziyatning rivojlanishi haqida yaqin kunlarda xulosa chiqarish mumkin.

Avvalroq Rospotrebnadzor Sankt-Peterburgda gripp epidemiyasi boshlanganini ma'lum qilgandi. Ma'lum qilinishicha, gripp va boshqa o‘tkir respirator virus infeksiyalari bilan kasallanish bir hafta ichida epidemik darajaga yetgan.

Bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Olga Golodets Rossiyada gripp bilan kasallanish vaziyati “maqbul darajada ” ekanligini aytdi. Shifokorlar gripp vaksinasiga joriy yilda eng keng tarqalgan gripp virusi shtammlarini kiritishgan, biroq oxirgi vaqtlarda aholi o‘rtasida emlashdan bosh tortish tendensiyasi kuzatilmoqda.

“Bizda emlanmaslikka moda paydo bo‘ldi. Hattoki aholining murakkab guruhlari, jumladan bolalar o‘rtasida juda ko‘plar emlanishdan bosh tortmoqda”, deb aytmoqda Golodets. Golodetsning aytishicha, o‘lim bilan tugagan holatlar aynan emlanmaslik bilan bog‘liq bo‘lmoqda.