O‘zbekiston | 17:37 / 25.01.2016
8953
2 daqiqa o‘qiladi

Boeing-787 Dreamliner samolyotlarining Uzbekistan Airways`ga yetkazilish muddati ma'lum qilindi

Ikki dona Boeing-787 Dreamliner samolyoti O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasiga qachon yetkazilishi ma'lum qilindi, deya xabar bermoqda Sputnik agentligi.

Boeing samolyotlari 2016 yilning sentabr-noyabr oylarida O‘zbekistonga yetkaziladi. Hozircha milliy aviakompaniya «Orzu laynerlari” yetib keladigan sanani aniq oshkor qilgani yo‘q. Bitta Dreamliner`ning katologdagi bahosi esa modifikatsiyasiga bog‘liq ravishda 150-180 million dollarni tashkil etadi.

“Yangi samolyotdan uzoq va o‘ta uzoq xalqaro yo‘nalishlarda foydalaniladi va Tashkent — Nyu-York yo‘nalishi bo‘ylab qo‘nishsiz parvozlarni amalga oshirishga imkon beradi”, - deya qayd etdi agentlik axborot manbasi.

Bundan tashqari, Toshkentda yaqin vaqtlar ichida Boeing 787 Dreamliner singari kompozit materiallaridan tarkib topgan samolyotlar ehtiyot qismlarini ta'mirlash bo‘yicha MDHda yagona bo‘lgan markazni foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda milliy aviakompaniyaning texnik guruh mutaxassislari AQShning Sietl shahrida Boeing-787 Dreamliner dasturi bo‘yicha qayta o‘qitishga jalb qilingan. Shuningdek, “Toshkent” aeroportida “Orzu laynerlari” uchun uchta maxsus turar joyi belgilanib, jihozlash ishlari olib borilmoqda. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Amerika korporatsiyasi bilan ikki dona Boeing-787-800 Dreamliner va zaxira dvigatelini sotib olish bo‘yicha 2008 yilda shartnoma imzolagan edi.