Fan-texnika | 23:15 / 26.01.2016
8045
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyalik ixtirochilar havoda daraxtlarni muallaq ushlab turuvchi moslamani ixtiro qilishdi

Zamonaviy Air Bonsai yapon loyihasining yaratuvchilari kichik idishlarda o‘simliklarni o‘stirish va magnit levitatsiyasini birlashtirishga muvaffaq bo‘ldilar. Bu haqda Mashable portali ma'lum qildi.

Yangi ixtiro evaziga daraxtlar ikki santimetr balandlikda maxsus taglik ustida havoda muallaq turadilar.

Air Bonsai loyihasini Kyusyu viloyatida joylashgan jamoa yaratdi. Ixtirochilar o‘z ishlanmalarini osongina tushuntirishdi: “Biz sizga pochta orqali haqiqiy o‘simliklarni siz ularni havoda muallaq holda mustaqil o‘stira olishingiz uchun yuboramiz”.

O‘simliklar havoda muallaq suza olishidan tashqari oddiy o‘simliklardan hech nimasi bilan farq qilmaydi.

Air Bonsai’ning eng arzon to‘plami narxi 200 dollar turadi. U “energetik baza”, o‘zgaruvchan tok adapteri va o‘simlikni oziqa bilan ta'minlaydigan dumaloq mox to‘pchadan iborat.

Qimmatroq to‘plam esa 230 dollar turadi. Unda o‘simlikning asosi sifatida mox emas, tosh ishlatilgan.

Jamoa Kickstarter kraudfanding maydonchasida o‘ziga kerak bo‘lgan 80 ming dollarlik mablag‘ni yig‘a oldi. Bu ko‘pchilik Air Bonsai’ni sotib olishni istayotganidan darak beradi.

Ta'kidlash joizki, buyumlar magnit taglik ustida muallaq tursa ham, bunda hech qanday yangilik yo‘q. Biroq Air Bonsai’da harakatchan va organik komponentlarning uyg‘unlashgani foydalanuvchilar va boshqa ixtirochilarni hayratlantira oldi.