O‘zbekiston | 10:08 / 27.01.2016
8745
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bolalar uchun ilk ilmiy-intellektual jurnal nashrdan chiqdi

O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan ilk ilmiy-intellektual, rangli-bezakli “Jajji akademik” jurnalining birinchi soni nashrdan chiqdi. “IRFON NASHR” MChJ muassisligida chop etilayotgan mazkur jurnalda intellektual saviyani oshirishga yo‘naltirilgan turli qiziqarli maqolalar, xabarlar, zamonaviy ertaklar va sovrinli tanlovlar berib boriladi.

“Yosh avlodni zamon bilan hamnafas tarzda ma'nan yetuk, aqlan barkamol va bilimdon qilib tarbiyalashga hissa qo‘shish jamoamiz oldidagi eng asosiy maqsaddir. Jurnalda vatanimiz va dunyo miqyosida ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan vunderkind bolalar bilan yaqindan tanishtirib boruvchi materiallar, chet tillarini o‘rganishiga mo‘ljallangan maxsus sahifalar, taraqqiyot yutuqlari bilan tanishtirishga yo‘naltirilgan maqolalar, zamonaviy bolalarning xohish-istaklari, orzu-umidlari ifodalangan qiziqarli so‘rovnomalar, bola kundalik hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod-fabrikalardan jonli materiallar va yana turli rang-barang sahifalar mavjud. Jurnalda berib boriladigan maqolalarning barchasi soha mutaxassislari bilan hamkorlikda tayyorlanadi", deydi jurnal mas'ul kotibi Sa'dullo Quronov.

“Jajji akademik” jurnali bir oyda ikki marta chop etiladi. Jurnal jamoasining faoliyati bilan facebook.com ijtimoiy tarmog‘idagi sahifa orqali tanishib borish ham mumkin.

Jurnal videoroligi: