Jahon | 15:24 / 28.01.2016
16708
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: A321 bortiga bomba o‘rnatgan terrorchi shaxsiga aniqlik kiritildi

Misr huquq tartibot organlari va Rossiya maxsus xizmatlari hamkorlikda rossiyaliklarning A321 yo‘lovchi samolyotida terakt sodir etitilishida ishtirok etgan terrorchilarning shaxsiga aniqlik kiritdi. Bu haqda Rossiya OAVida xabar berilgan.

Manbalarning yozishicha, maxsus xizmatlar xodimlari Sinay yarim oroli osmonida portlab ketgan bu samolyotga Sharm-al-Shayx aeroporti xodimi tomonidan bomba qo‘yilganini tasdiqlashgan. Bu xodim 2015 yilning yozida, terakt sodir etilishidan biroz vaqt muqaddam ishga o‘tgan.

Aniqlik kiritilishicha, bomba samolyot yukxonasiga joylashtirilgan. Kichik hajmdagi bu portlovchi qurilma sumkaga solib emas, olib kiruvchining yonida o‘tkazilgani uchun tekshiruvchilar uni payqashmagan.

Nashrning yozishicha, terrorchi bombani samolyotga joylashtirgach, g‘oyib bo‘lgan. Ayni vaqtgacha uning yashiringan joyi ma'lum emas. Maxsus xizmatlar u va uning 5 nafar hamtovog‘ini izlashmoqda.

Rossiyaning Metrojet (eski nomi — «Kogalimavia») aviakompaniyasiga tegishli A321 layneri 31 oktabr kuni Misrda qulagandi. Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga uchayotgan samolyot bortida bo‘lgan 224 kishining barchasi halok bo‘lgan.