Uzbekistan Airways va Boeing Toshkentda samolyotlarni ta'mirlash markazini tashkil qildi
Bugun, 28 yanvar kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi tashkil topganiga 24 yil to‘lishi hamda Uzbekistan Airways Technics aviakorxonasi samolyotlarning kompozit materiallarini ta'mirlash markazining ochilishi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Bu tadbirda boshqa xorij va mahalliy OAV vakillari qatorida Kun.uz muxbiri ishtirok etdi.
Muxbirning xabar berishicha, Uzbekistan Airways AQShning Boeing kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkentda MDHdagi birinchi samolyotlarning kompozitsion qismlarini ta'mirlash va xizmat ko‘rsatish markazini tashkil qildi.
Markaz Uzbekistan Airways Technics aviakorxonasi negizida ishlaydi. Boeing kompaniyasi yangi tuzilmaga yarim million dollar beg‘araz investitsiya kiritdi. Bu mablag‘ evaziga markaz uchun titanli qotishmalarni ishlashda va boshqa jarayonlarda qo‘llaniladigan maxsus pechlar xarid qilindi. Markaz barcha turdagi samolyotlarga xizmat ko‘rsata oladi.
Markaz faoliyatining samaradorligini ta'minlash uchun aviakompaniya xodimlari Boeing havo kemalarining kompozitli detallarini ta'mirlash bo‘yicha maxsus o‘quv kurslaridan o‘tdi. Mexaniklar Singapurda Basic Composites Repair and Metal Bond kursi bo‘yicha amaliy va nazariy bilimlar olib qaytdi, muhandislar esa Sietlda tayyorgarlik o‘tadi. Shuningdek, joriy yilda Uzbekistan Airways Technics mutaxassislari bevosita Boeing-787 Dreamliner laynerlarini ta'mirlash bo‘yicha o‘qitiladi.
Shu yilning sentabr va oktabr oylarida O‘zbekiston havo yo‘llarining aviaparki ikkita Boeing-787 Dreamliner layneriga ega bo‘ladi.
Ma'lumot uchun, «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi 1992 yil 28 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan tashkil etilgan.