Iqtisodiyot | 19:40 / 29.01.2016
4048
1 daqiqa o‘qiladi

2015 yilda butun dunyo bo‘yicha 1,43 milliard dona smartfon sotilgan

Mobil bozorni tadqiq qilish bilan shug‘ullanuvchi IDC kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda dunyo bo‘ylab 1,43 milliard dona smartfon sotilgan.

Eng ommabop telefon hamon Samsung kompaniyasi chiqargan qurilma bo‘lib turibdi. Kompaniya dunyo bozoridagi ulushining 1,7 foizini boy berganiga qaramasdan sotilgan smartfonlar bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda. Yil davomida Samsung`ning 325 million qurilmasi sotilgan.

Ikkinchi o‘rinda Apple kompaniyasi turibdi. iPhone qurilmasining oxirgi avlodining sotuvdagi muvaffaqiyati sabab kompaniya 2015 yilda 231,5 million dona iPhone sotgan. Ularning o‘rtacha qiymati 700 dollarni tashkil qilmoqda. Aynan shu ko‘rsatkich bo‘yicha Apple hammadan ko‘proq ishlab topgan.

Uchinchi o‘rinda Huawei (100 mln donadan ortiq) bormoqda.

Shuningdek, yana ikkita Xitoy kompaniyasi Lenovo va Xiaomi kuchli beshlikdan o‘rin olgan.