Fan-texnika | 21:35 / 30.01.2016
4487
2 daqiqa o‘qiladi

Antiqa dizaynga ega Opel GT kontsept-kupesining ba'zi jihatlari ma'lum qilindi

Bir qator qiziqarli dizaynerlik yechimlarini olgan Opel GT (Vauxhall GT) kontseptual kupesi haqida ba'zi ma'lumotlar oshkor bo‘ldi.

Avtomobilga bir qarashda uning uzun kapoti va mashinaning tomiga ravonlik bilan o‘tuvchi old oynasi ko‘zga tashlanadi. Mashina old g‘ildiraklari yorqin qizil rangdagi pokrishkalarga ega, kuzovning ba'zi elementlari ham shunday rangga bo‘yalgan.

Mashinaning eshik dastalari yo‘q, uning o‘rniga eshikni ochuvchi elektr dvigatelni harakatga keltiruvchi senson panellar ishlatilgan. Eshiklarning o‘zi ham antiqa tuzilishga ega: ular ochilganda ularning old qismi g‘ildiraklar arkasi ichiga kirib ketadi, bu mashinaga o‘tirish/tushishni osonlashtiradi.

Opel GT prototipida yon oynalar ham yo‘q, ularning o‘rniga videokameralar qo‘llangan.

Kontseptning “yuragi” uch silindrli turbirlangan, 1,0 litrli dvigatel bo‘lib, u 143 ot kuchi va 205 N•m aylanish lahzasini beradi.

Mashinaning 6 pog‘onali uzatmalar qutisi rul ostidagi dastalar bilan boshqariladi. Mashina 100 km/coat tezlikka 8 soniyada erisha oladi.