Jamiyat | 15:20 / 30.01.2016
3241
2 daqiqa o‘qiladi

Seul sudi “Burger-King”da qotillik qilgan amerikalikni 20 yillik qamoq jazosiga hukm qildi

Seul sudi 1997 yildagi qotillik jinoyati uchun amerikalikni 20 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda Associated Press xabar bermoqda.

36 yoshli Artur Patterson 1997 yilda 22 yoshli koreys talabasi Cho Chun Pilni o‘ldirganlikda aybdor deb topildi. Pattersonga ayblov hukmidan noroziligi bildirishi uchun bir hafta muhlat berildi.

1997 yilda Amerikaning Janubiy Koreyadagi harbiy bazasi fuqaro xizmatchisining o‘g‘li Patterson va uning do‘sti, kelib chiqishi koreys bo‘lgan amerikalik Edvard Li “Burger-King” tamaddixonasi hojatxonasida Cho Chun Pilga hujum qilgan. Olgan ko‘p sonli tig‘ jarohatlari natijasida Cho shifoxonaga eltish yo‘lida vafot etgan. Tergov jarayonida Patterson va Li qurbon bilan tanish bo‘lmagani aniqlandi. So‘rovlar vaqtida esa jinoyatchilar bir-birini ayblashgan.

Avvaliga sud qotillikda Lini aybdor deb topib, unga umrbod qamoq jazosini tayinlagan. Patterson esa dalillarni yashirish va noqonuniy qurol saqlagani uchun bir yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan; aynan uning quroli bilan talaba o‘ldirilgan. 1999 yilda amnistiya sababli ozod qilingandan so‘ng yangi tergov jarayoni boshlanganini bilib, Janubiy Koreyani tark etgan.

Lining ishi qayta ko‘rib chiqilganidan keyin dalillar yetishmovchiligi sababli ozod qilingan, Pattersonga esa 2011 yilda rasmiy ayblov e'lon qilingan. 2015 yilning sentabrida u AQShdan Janubiy Koreyaga ekstraditsiya qilindi.