Jahon | 11:58 / 03.02.2016
16008
3 daqiqa o‘qiladi

Manba: Afg‘oniston va Tojikiston chegarasi bo‘ylab 5 ming nafarga yaqin jangari joylashgan

Dushanbedagilar rasmiy Kobulning mamlakat hududidagi jangarilarni nazorat qila olmayotganidan xavotirlarini bildirishmoqda. TASS nashri muxbirining Tojikiston Milliy xavfsizlik bo‘yicha davlat qo‘mitasi vakiliga asoslanib xabar berishicha, ayni vaqtda ikki mamlakat chegarasi bo‘ylab 5 ming nafarga yaqin jangarilar joylashgan.

"Bizning maxsus xizmatlari qo‘shni mamlakatdagi jangarilar harakatini jiddiy kuzatib borishmoqda. Afg‘onistonning Qunduz viloyati bilan chegaradagi Panj chegara punktida qat'iy tartib o‘rnatilgan", deydi manba.

Bundan oldinroq, Afg‘onistondagi nashrlarda Imom-Sohib uyezdida yuzlab xorijiy yollanma jangarilardan iborat bo‘linma paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. Xabarlarda aytilishicha, Afg‘oniston va Tojikistonning 1344 kilometrlik chegarasi bo‘ylab 5 ming nafarga yaqin jangari o‘rnashib olgan.

Manbaning aytishicha, bu jangarilar "Tolibon" a'zolari, "O‘zbekiston islom harakati" vakillari, "Jamoati Ansorulloh" guruhi jangarilaridan iborat. Ularning tarkibida kelib chiqishi tojikistonlik bo‘lganlar soni ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Ayni vaqtda Tojikiston hududida Rossiyaning 201-harbiy bazasi joylashgan. Shuningdek, Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Anatoliy Antonov rahbarligidagi harbiy delegatsiya ham Tojikistonda bo‘lib turibdi va tojikistonlik hamkasblari bilan KXShT doirasida tuzilgan bitimlarning amaliyoti bo‘yicha muhokamalar o‘tkazmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 14-15 sentabr kunlarida Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti (KXShT) kengashi o‘tkazilgandi. Unda mintaqadagi ehtimoliy tahdidlar muhokama etilgandi. Ishtirokchilar Dushanbe sammitida bir qator hujjatlarni imzolashdi. Jumladan, harbiy qism va boshqa guruhlarini, harbiy texnika va uskunalarni tashish haqidagi va Tashkilotning 2016 yil byudjyeti.

KXShT maqsadi – tinchlikni, xalqaro va hududiy xavfsizlikni mustahkamlash, a'zo mamlakatlarning mustaqilligini va hududiy bo‘linmasligini ta'minlash. Tashkilot a'zolari ushbu tashkilotda o‘z ixtiyorlari bilan, boshqa a'zolarning mustaqilligini so‘zsiz tan olgan holda va bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik sharti bilan qatnashadi.

Tashkilot 2002 yilda tashkil qilingan bo‘lib, unga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston kiradi. O‘zbekiston 2012 yilda KXShT a'zoligidan chiqqan.